Ukraina 2014-yildan beri yo‘qotgan barcha hududlarini qaytarib olishi dargumon, deb hisoblaydi AQSh davlat kotibi Marko Rubio. Uning ta’kidlashicha, Ukraina har qanday tinchlik kelishuvi doirasida Rossiyaga hududiy yon berishga majbur bo‘ladi. The New York Times nashrining yozishicha, AQSh davlat kotibi ushbu bayonotni Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan samolyotda bergan.
“Menimcha, ikkala tomon ham bu vaziyatning harbiy yechimi yo‘qligini tushunishi kerak. Ruslar butun Ukrainani egallay olmaydi, va ravshan bo‘lib turibdiki, Ukrainaga rossiyaliklarni 2014-yilgi pozitsiyalariga qaytarishga har qanday maqbul vaqt oralig‘ida erishish juda qiyin bo‘ladi”, — dedi Marko Rubio.
Shuningdek, u AQSh delegatsiyasi Saudiya Arabistonida Ukrainaga harbiy yordamni tiklash masalasini muhokama qilishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning asosiy natijasi “Ukraina qiyin qarorlar qabul qilishga tayyorligini aniq anglash” bo‘lishi kerak, xuddi shuningdek, rossiyaliklar ham qiyin qarorlar qabul qilishga majbur bo‘ladi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘ladigan kelgusi muzokaralarda Moskva qanday yon berishlarga tayyor ekanini aniqlash kerak.
Ma'lumki, Oq uy jamoasi bilan yuqori lavozimli ukrainalik delegatsiya o‘rtasidagi muzokaralar bugun, 11-mart kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi. AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning ma’lum qilishicha, uchrashuvda hududiy masalalar va xavfsizlik kafolatlari muhokama qilinadi. Shuningdek, uchrashuvda o‘tgan haftada Vashington tomonidan cheklangan razvedka ma’lumotlari almashinuvi masalasi ham ko‘tariladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82706 | Инструменты