Samanqand shahrida bir oilaning 7 aʼzosi halok bo‘lgan portlash bo‘yicha gaz idorasi rahbari va uning 3 nafar xodimiga sud hukmi o‘qildi. Jinoyat ishi JIB Samarqand shahar sudida sudya Zarifa Ahmedova raisligida ko‘rib chiqildi.
Maʼlum bo‘lishicha, dahshatli portlash sodir bo‘lgunga qadar xonadon egalari gaz hididan bezovta bo‘lib, gaz idorasiga 11 marotaba murojaat qilgan. Biroq tashkilot masʼullari bunga eʼtiborsiz qarashgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2024 yil sentyabr-oktyabr oylarida Spitamen shohko‘chasi va 160-uy atrofidagi xonadonlarni gazlashtirish ishlari loyiha va texnik shartlarsiz amalga oshirilgan. Yollanma ustalar yordamida noqonuniy tarzda avtomobil yo‘li ostiga gaz quvuri yotqizilgan. Quvur tegishli xulosalarsiz va xavfsizlik qoplamasisiz yer ostiga tushirilgani hamda tarmoqqa noqonuniy ulangani aniqlangan. Quvurda 7 ta teshik paydo bo‘lib, tabiiy gaz markaziy oqova qudug‘iga sizib chiqqan. Oqibatda portlash sodir bo‘lgan.
Sudlanuvchilar – “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali Samarqand shahar bo‘limi rahbari va 3 xodimi Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Ularga 3 yil davlat ishtirokidagi korxonalar va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, portlashdan zarar ko‘rgan fuqarolar foydasiga gaz taʼminoti korxonasidan qariyb 6 mlrd so‘m undirish belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101818 | Инструменты