AQSH va Ukraina prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy 8 may kuni kechqurun telefon orqali muloqot qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida ular Oliy Rada AQSH bilan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni ratifikatsiya qilganini, shuningdek, «tinchlik uchun qo‘shimcha saʼy-harakatlar zarurligi»ni muhokama qilgan. Zelenskiy suhbat chog‘ida Ukraina «bugundan bo‘lsa ham» 30 kunlik otashkesimga tayyorligi va Rossiya bu taklifga rozi bo‘lishini kutayotganini taʼkidladi.
«Men, shuningdek, Ukraina har qanday formatdagi muzokaralarga tayyorligini tasdiqladim. Ammo buning uchun Rossiya urushni to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish bilan yakunlash niyatining jiddiyligini ko‘rsatishi kerak. Prezident Tramp bu urush tugashini istashini, yordam berishga tayyorligini va o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi», – deydi Zelenskiy.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar davom etayotgani haqida yozdi. «AQSH, ideal holatda, 30 kunlik so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Umid qilamizki, maqbul o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilinadi va har ikki davlat ushbu to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning daxlsizligiga rioya qilish uchun masʼul bo‘ladi. Agar o‘t ochishni to‘xtatishga rioya qilinmasa, AQSH va uning hamkorlari qo‘shimcha sanksiyalar kiritadi», – degan Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish oxir-oqibat tinchlik kelishuviga olib kelishi kerak. «Bularning barchasini juda tez amalga oshirish mumkin», – dedi AQSH prezidenti.
Avvalroq, 8 may kuni Tramp AQSH Ukraina bilan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv jarayoni oxiriga yetkazilgani munosabati tufayli Zelenskiy bilan gaplashmoqchi ekanini maʼlum qilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51001 | Инструменты