Apple kuzgi iPhone modellarining narxlarini oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi The Wall Street Journal gazetasi.
Qayd etilishicha, kompaniya bu qarorni yangi funksiyalar va dizayndagi o‘zgarishlar bilan izohlagan.
Apple shu bilan birga narxlarning oshishi AQShning Xitoy tovarlariga qo‘ygan bojlari oqibati sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan har qanday vaziyatdan qochishga intilmoqda. Ma’lumki, Apple qurilmalarining aksariyati aynan Xitoyda ishlab chiqariladi.
WSJ’ning Apple ta’minot zanjiridan xabardor bo‘lgan manbalari ma’lum qilishicha, Xitoy zavodlari Pro va Pro Max modellari kabi eng daromadli va yuqori texnologiyali telefonlarning asosiy qismini ishlab chiqarishni davom ettiradi.
Ularning aytishicha, Hindiston zavodlari Pro modellarini ishlab chiqarish qobiliyatiga ega bo‘lsa-da, mamlakatning infratuzilmasi va texnik imkoniyatlari hozircha Xitoy ta’minlay oladigan ko‘lamdagi ommaviy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli darajada rivojlanmagan.
Apple bosh direktori Tim Kuk AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo ziddiyati tufayli bosim ostida qoldi, deya ta’kidlaydi WSJ.
Bunga javoban u mart oyida, bojlar joriy etilishidan avval, zaxiralarni ko‘paytirdi va AQSh bozori uchun ishlab chiqarishni Hindistonga ko‘chirdi. Shu oyning boshida u aprel-iyun oralig‘ida AQShga yetkazib beriladigan iPhone’larning ko‘p qismi Hindistondan bo‘lishini ma’lum qilgan edi.
AQShdagi eng arzon iPhone 16 modelining narxi $799 bo‘lsa-da, bojlar tufayli u $1142gacha ko‘tarilishi mumkin. Reuters agentligi Rosenblatt Securities’ning o‘tgan oydagi taxminlariga asoslanib shunday xabar bermoqda. Ushbu taxminlarga ko‘ra, narx 43%ga oshishi ehtimoli bor.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51400 | Инструменты