Huawei 1
Xitoyda 12-qavatdan yiqilgan ayol omon qoldi

Xitoyning janubi-sharqidagi Szyansi provinsiyasining Lepin shahrida yashovchi 44 yoshli ayol Pen Xueyfan 12-qavatdan yiqilib tushganiga qaramay, mo‘’jizaviy tarzda omon qoldi. Bu haqda “South China Morning Post” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, ayol turmush o‘rtog‘i – deraza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga og‘ir deraza romini pastki qavatdan 12-qavatgacha ko‘tarishda yordam berayotgan bo‘lgan. Buning uchun ular ko‘taruvchi moslamadan foydalangan, biroq uni to‘g‘ri ishlatishni bilmagani tufayli deraza asosi daraxtga ilashib, pastga qulagan. Shu bilan birga, asosni ushlab turgan ko‘taruvchi moslama zanjiri ayolni ham o‘zi bilan tortib ketgan.

O‘sha paytda Pen Xueyfan kvartiraning ichida bo‘lgan, o‘zini xavfsiz deb hisoblab, xavfsizlik kamarini taqmagan. Oqibatda u 12-qavat balandligidan qulab, quyi qavatda o‘rnatilgan tent ustiga tushgan va keyin yerga yiqilgan.

Shokka tushgan ayol og‘riqni sezmagan, biroq darhol eri bilan bog‘lanib, “Men hali tirikman, 120 ga qo‘ng‘iroq qil!”, deya yordam so‘ragan (Xitoyda “120” tez tibbiy yordam raqami).

Uning yuqori tana qismi deyarli zarar ko‘rmagan, biroq bel umurtqasi, o‘ng oyog‘ining panjasi va chap oyog‘i sinib ketgan. Ayol allaqachon bir nechta operatsiyani boshdan kechirgan. Shifokorlarning taxminiga ko‘ra, u yarim yil ichida yana normal yura oladi.

Nashrga ko‘ra, ayolning hayotini saqlab qolgan bu voqea oilaga qimmatga tushgan – davolanish xarajatlari allaqachon 70 ming yuanga (10 ming AQSH dollari) yetgan. Hodisa xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani tufayli yuz bergani sababli, sug‘urta kompaniyalari tovon puli to‘lamaydi. Shu sababli er-xotin davolanish uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida tanishlaridan yordam so‘ramoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52500 | Инструменты