Yevropa Ittifoqi “Lukoyl”ni jazolashga tayyorlanmoqda

Yevropa Ittifoqi tarixda ilk bor Rossiyaga aloqador “Lukoyl” kompaniyasining Dubaydagi bo‘limi — Litasco Middle East DMCCga qarshi sanksiya qo‘llashni rejalashtirmoqda. Xabarlarga ko‘ra, bu kompaniya Rossiya neftini tashishda foydalanilayotgan yashirin tankerlar flotiga aloqador hisoblanmoqda.

Yangi sanksiyalar paketi doirasida 150 ta tanker, 60 nafardan ortiq jismoniy shaxs va bir qator kompaniyalar sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Buning natijasida “yashirin flot”ga tegishli tankerlari soni 300 tadan oshadi.

Financial Times tahliliga ko‘ra, Litasco kompaniyasi avval Shveysariyada joylashgan bo‘lsa-da, Ukraina urushidan so‘ng Dubayga ko‘chirilib, offshor sxemalar orqali 25 ta tanker xarid qilgan. Bu tankerlarning 97 foizi Rossiya, xususan “Lukoyl” mahsulotlarini tashishda foydalanilgan. Tankerlar alohida offshor kompaniyalar orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ularning boshqaruvi Pokistonlik tadbirkorga qarashli Dubay kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan.

Yevropa Ittifoqi bu sxemalarni neft sanksiyalarini chetlab o‘tish mexanizmi deb baholamoqda va moliyaviy choralarni kuchaytirishga tayyorlanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21712 | Инструменты