Huawei 1
Mikrochip ta’minot zanjiri inqirozi: Tahlil

Sohibxon Solihov, ta'minot zanjiri sohasida malakali mutaxassis, Volkswagen, Peugeot Citroën, Schneider Electric va xorijiy savdo kompaniyasida tajribaga ega bo'lib, ta'minot zanjiri va mikrochiplar boshqaruvi bo'yicha o'z bilimlari bilan ulashdi.

COVID-19 natijasida avtomobil ishlab chiqarish sohasida mikrochiplar ta’minotida muammolar:

 “COVID -19 pandemiyasi mikrochiplar ta’minoti zanjirining nimjon tabiatini yoritib berib, strategik diversifikasiya va qayta tiklanishga bo’lgan ehtiyojni yanada kuchaytirdi”

Sohibxon Salixovga ko‘ra, avtomobil sanoatida ta’minot zanjiri boshqaruvining qanchalik muhim ekanligini yaqqol ko‘rish mumkin. Ayniqsa, 2020 yildagi mikrochiplar yetishmovchiligi ta’minot zanjiri mutaxassislarini bu muammoni hal etishda katta bosim ostida qoldirdi.

Uning fikricha, COVID-19 pandemiyasi davrida mikrochip va u bilan bog‘liq ta’minot zanjiri katta qiyinchiliklarga duch keldi. Xususan, mikrochiplarga bo'lgan talabning keskin oshishi va global ishlab chiqarish hamda logistikadagi buzilishlar mustahkam va moslashuvchan mikrochip ta'minot tarmoqlarining zarurligini tasdiqladi.

Sohibxonning 2020 yilda Volkswagenda ishlagan davrida, COVID-19 tufayli uning kundalik ish jarayonida ko'plab muammolar yuzaga kelgan. U va u xizmat qilgan korxona mikrochiplar muammolari sababli yuzaga kelgan avtomobil yetishmovchiliklari sharoitida ta'minot zanjirini mustahkamlashga intilib, turli ilg'or tahlil tizimlari, IT texnologiyalar va yetkazib beruvchilar orasidagi raqamli hamkorlikdan foydalangan holda, korxonaning yanada moslashuvchan bo'lishiga erishdilar.

 “Mikrochip yetishmovchiligi avtosanoatdagi ta'minot zanjirining an'anaviy tuzilishi va muammolariga e'tibor qaratdi”

Sohibxonning so'zlariga ko'ra, avtosanoatdagi mikrochip yetishmovchiligi bu sohadagi an'anaviy ta'minot zanjiri va xarid amaliyotlaridagi muammolarni oshkor etdi.

U shunday dedi: pandemiya boshlanganda va kutilgan prognozlar optimistik bo‘lmagan sharoitda, odatiy yondashuvlar tufayli avtomobil sohasidagi rejalashtirish uchun javobgar shaxslar mikrochiplar bo‘yicha prognozlar va shartnomalar hajmini kamaytirishga majbur bo‘ldilar. Biroq, yil o‘rtalarida avtomobillarga bo‘lgan kutilmagan talab oshishi mikrochiplarga ham talabni ko‘paytirdi, ammo mikrochip yetkazib beruvchilar hajmlarini allaqachon elektronika ishlab chiqaruvchilar va boshqa sohalarga rezerv qilib bo‘lishgan edi, bu esa avtomobil sanoatida tartibsizlikka olib keldi.

“AlixPartners (2021) kabi ochiq manbalardan olingan ma'lumotlarga ko'ra, mikrochip yetishmovchiligi avtomobil sanoatida umumiy 210 milliard dollarlik yo'qotishlarga olib keldi”

Sohibxon shuningdek, kutilmagan tashqi omillar mikrochip sanoatidagi qiyinchiliklarni kuchaytirganini ta'kidladi. Xususan, u misol sifatida Renesas Electronics chip ishlab chiqaruvchisidagi yong‘in hodisasi, Xitoyda COVID tufayli ish to‘xtashi va 5G texnologiyasiga talabning o‘sishi sababli mikrochip hajmiga bo‘lgan talabning oshishini keltirdi. Rossiya-Ukraina mojarosi bu muammolarni kuchaytirib, mikrochip ishlab chiqarish jarayoniga katta ta'sir ko‘rsatdi. Misol sifatida, Ukrainadagi Ingas va Cryoin kompaniyalari lazerli chiplar ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan neon gazini dunyo bo‘yicha eng katta yetkazib beruvchilar hisoblanadi, ammo urush sababli ularning ishlab chiqarishida uzilishlar yuz berdi. Bundan tashqari, Rossiya palladiy va platina kabi chip ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan metallarni asosiy yetkazib beruvchi davlat ekanligi vaziyatni yanada murakkablashtirganini ta’kidlandi.

Mikrochiplarning dunyo bo’ylab ta’minotchilari:

“Hozirda yirik iqtisodiyotlarning mikrochip ta'minot zanjiridagi ishtiroki juda muhim. Masalan, Shimoliy Amerika va Yevropa o‘zlarining yarimo‘tkazgich ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishi strategik ahamiyatga ega. Bu tashabbuslar allaqachon siyosiy darajada muhokama qilinmoqda, qonun loyihalari kiritilib, mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jarayonlari boshlanmoqda”

Sohibxonning fikricha, dunyodagi asosiy mikrochip ishlab chiqaruvchilar Tayvan, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy kabi Osiyo mamlakatlari bo‘lib, ularga TSMC (Tayvan) va Samsung (Janubiy Koreya) kabi yirik kompaniyalar yetakchilik qilmoqda. Boshqa muhim ishtirokchilar qatorida UMC (Tayvan) va SMIC (Xitoy) ham bor. U, geografik konsentratsiyaning asosan Osiyoda joylashgani sababli COVID davrida ta’minot zanjiri muammolari kelib chiqqanini va bu hududda COVIDning katta ta’siri avtomobilsozlik, mudofaa va iste’mol elektronikasi kabi sohalarda domino effektiga sabab bo‘lganini ta’kidladi.

COVID-19, O‘zbekiston, Volkswagen va Mikrochip Inqirozi:

 “Mikrochiplar ta’minotidagi muammolar sabab paydo bo’lgan avtomobillar yetishmovchiligi tibbiyot sohasiga ham o’z ta’sirini ko’rsatdi. Tez yordam mashinalariga bo’lgan ehtiyoj yetishmovchilik sabab qondirilishi mushkul vazifa edi”

Sohibxon ta’kidlaganidek, COVID-19 pandemiyasi O‘zbekistondagi Volkswagen loyihasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Loyihaning boshlang‘ich bosqichida yarim tayyor (SKD) va tayyor avtomobillarni (FBU) xarid qilish rejalashtirilgan edi. Ammo har bir avtomobil uchun o'rtacha 1,000 dan 3,000 gacha kerak bo'lgan yarimo'tkazgichlarning yetishmovchiligi tezda katta muammoga aylangan.

Volkswagenning O‘zbekistondagi faoliyati davomida Sohibxon ta’minot zanjirining barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashgan va COVID-19 pandemiyasi bilan mikrochip tanqisligidan kelib chiqqan muammolarni hal qilish maqsadida ko‘plab loyihalarda qatnashgan. Misol uchun, Talabni prognozlashtirishda ilg‘or tahlillarni qo‘llash, ta’minot tizimini real vaqt rejimida kuzatish uchun IT texnologiyalarni joriy qilish, hamda yetkazib beruvchilar va savdo nuqtalarini raqamli platformalar orqali boshqarish orqali u avtomobillarning barqaror ta’minotini ta’minlashda yordam bergan. Qolaversa, O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda yangi benzin va sifat standartlarini joriy etish orqali ushbu loyiha yanada osonroq amalga oshirilgan. Bu sa’y-harakatlar kompaniyaga pandemiyadan keyin favqulodda transport ehtiyojlarini qondirish imkonini berdi. Natijada, ular Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun Volkswagen A-turdagi tez yordam mashinalarini O‘zbekiston bozoriga muvaffaqiyatli olib kirib, barcha ta’minot zanjiridagi to‘siqlarni bartaraf etdilar.

Uzbek Volkswagen Caddy Ambulance vehicles (Source: UzDaily.com)

Ta’minot zanjiri boshqaruvi va mikrochiplar sohasidagi bo’lajak tendensiyalar:

“S&P Global Mobility Indexga ko'ra, 2023 yildagi kutilmagan rivojlanish yarimo’tkazgichlarning yetkazib berish vaqtini qisqartirdi”

Qahramonimiz ta’kidlashiga ko’ra, kutish vaqtining qisqarishi kelajakda ijobiy o’zgarishlarning belgisi bo’lishi mumkinligini aytdi. Bundan tashqari, u savdo va ishlab chiqarish ko’rsatkichlarining pandemiyadan oldingi holatga yaqinlashayotganini kuzatmoqda. Ochiq ma'lumotlarga tayanib, o’n yillik davr oxiriga kelib savdo ko’rsatkichlari yana shu bosqichga qaytishi mumkinligini ta’kidladi.

Sohibxonning fikriga binoan, bozor o‘zgarishlari, xususan, yuqori sig‘imli mikrochiplarni talab qiladigan avtonom va elektr transport vositalari (EV) ishlab chiqarishning oshishi kabi omillarni e’tiborga olish zarur. Bundan tashqari, tobora murakkablashib borayotgan mijozlar talablari mikrochiplar ehtiyojini sezilarli darajada oshirib, ta’minot zanjiri mutaxassislarining ish tartibini doimiy ravishda qiyinlashtirishda davom etadi.

“Blokcheyn, Sun’iy intellekt, Raqamli simulyatsion nusxalar va An’anaviy ta’minot zanjiri texnikalari bo’lajak mikrochiplar ta’minotidagi uzulishlarni hal etishda potensial yechim bo’la oladi”

Birinchidan, mikrochiplar talabi ortishda davom etar ekan, firibgarlik va soxtalashtirish xavfi ham ortadi, bu esa ta’minot zanjirini murakkablashtiradi. Sohibxon blockchain texnologiyasi orqali ta’minot zanjirining yaxlitligini saqlab qolish uchun xavfsiz va tasdiqlanadigan ma’lumot almashuvni ta’minlab, soxtalashtirishga qarshi kurashishda shaffoflikni oshirishini ta’kidladi.

Shuningdek, u sun’iy intellekt (AI)ning turli darajalarda ta’minot zanjirini yaxshiroq xaritalash va ko'rinishini rivojlantirishda muhim rol o‘ynashini aytdi. Bu ayniqsa avtomobilsozlik sanoatida dolzarbdir, chunki bu soha bir nechta qatlamdagi yetkazib beruvchilar bilan ishlaydi va pandemiya davrida ta’minot tizimidagi muammolarni kuzatishda qiynaldi. Sun’iy intellekt esa ommaviy va korxona tizimidagi ma’lumotlarni yig‘ib, tahlil qilib, xavflarni oldindan ko‘ra olish va bartaraf etishda yordam berishiga ishonch bildirdi.

Sohibxonning so‘zlariga ko‘ra, mikrochiplar ta’minot zanjirida raqamli egizaklar yaratish yana bir muhim va innovatsion trend hisoblanadi. Ta’minot zanjirining barcha nuqtalarini raqamli nusxalarini yaratish orqali ishlab chiqaruvchilar misli ko‘rilmagan darajada ko‘rinish va nazoratga ega bo‘lishlari mumkin. Bu texnologiya ta’minot zanjiri faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borish, zaifliklar va mumkin bo‘lgan buzilishlarni erta aniqlash imkonini beradi.

Ushbu zamonaviy yondashuvlardan tashqari, Sohibxon an’anaviy usullar ham mikrochip bilan bog‘liq sanoatlarning ta’minot zanjiri mustahkamligini saqlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. Masalan, strategik zaxira yaratish, stsenariy rejalashtirish va akademik hamkorliklar shular jumlasidandir. Ushbu strategiyalar ta’minot zanjiridagi qiyinchiliklarni boshqarish va uzluksizlikni ta’minlash uchun mustahkam asos yaratishda yordam beradi.

Sohibxon Salixov haqida ma’lumot

Sohibxon Salixov Toshkentda tug‘ilib o‘sgan bo‘lib, Wales Universitetida bakalavr darajasini, Westminster Xalqaro Universitetida magistr darajasini va Wisconsin-Madison Universitetida MBA darajasini olgan.

U 2015 yilda tashqi savdo kompaniyasida ta’minot zanjiri boshqaruvi sohasida ish boshlagan. U mahalliy tadbirkorlarni mahsulot eksporti va biznesni kengaytirish uchun barqaror ta’minot zanjiri kanallarini yaratishda yordam bergan.

Keyinchalik, u Peugeot Citroen va Volkswagen kabi investitsiya loyihalarini O‘zbek bozoriga olib kirishda muhim rol o‘ynagan. Shu bilan birga, Sohibxon COVID-19 pandemiyasi davrida Volkswagenning O‘zbekistondagi ta’minot zanjirini samarali boshqarishda yordam bergan va O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Shuningdek, u ta’minot zanjiri sohasida mustaqil konsalting xizmatlari va tajriba taqdim etadi.

Sohibxon Salixovning fotosurati

 Manba:

AlixPartners. (2021, 23-sentabr). Yarimo‘tkazgichlar tanqisligi avtomobil sanoatiga bu yil $210 milliard daromad yo‘qotishiga olib keladi, deyiladi AlixPartnersning yangi prognozida. AlixPartners

Bloomberg. (2022, 18-yanvar). Eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilarining yopilishi COVID-zero Xitoyda yana ko‘proq yopilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bloomberg

Bloomberg. (2021). Global yarimo‘tkazgichlar tanqisligi. Bloomberg

Business Insider. (2023). S&P Global Mobility: Avtomobil sanoati uchun yarimo‘tkazgichlar tanqisligi asosan tugadi. Business Insider

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110505 | Инструменты