Huawei 1
Ramazon oyida o'qish tavsiya etiladigan kitoblar

Jurnalist Komiljon Aslonov Ramazon oyida o'qish foydali bo'ladigan kitoblarni tavsiya qildi.

SAODAT ULASHUVCHI KITOB — "NIHOYAT, SAODATNI TOPDIM"

Doktor Oiz Qarniyning "O'kinma" kitobini ko'pchilik o'qigan. Tushkunlikka tushib qolgan, hayotda o'z yo'lini yo'qotgan, qalbini umidsizlik egallagan insonlarga "malham" ulashuvchi kitob bo'ldi u kitob.

Ushbu muallifning "Nihoyat, saodatni topdim" kitobi ham xuddi shunday kitoblar toifasiga kiradi. Bu kitobda muallif o'z hayotidan o'tkazgan, o'zi guvoh bo'lgan, shuningdek tanishlari, yaqinlari, do'stu birodarlaridan eshitgan ibratli voqealarni bayon etadi. Kichik mavzularga bo'lingan bu voqealarda har birimiz hayotda uchrashimiz mumkin bo'lgan turli qiyinchiliklar, to'siqlar, sinovlar haqida hikoya qilinadi. Shu bilan birga muallif bu sinovlardan qanday o'tish kerakligini ham bayon etadi. Har bir voqea so'nggida xulosalar beriladiki, bu kitobxonga voqeani yanada yaxshiroq tushunishga, undan nimalar olish kerakligiga yordam beradi.

Kitobning oddiy, sodda tilda yozilgani, barcha yoshdagi kitobxonlar o'qish mumkin ekanligini anglatadi.

TAGIGA CHIZIB O'QILADIGAN SATRLAR

G'am-tashvish, uyqusizlik, iztirob, barcha-barchasi battol bekorchilikdan chiqadi. Baxtimiz ishlarimizni o'zimiz bajarishimizda.

Go'zal xulq Alloh tomonidan bandaga berilgan fathdir. Kimga go'zal xulq va muloyimlik berilgan bo'lsa, unga ko'p yaxshilik berilibdi.

Amali yomon insonning gumoni ham yomon bo'ladi. Xato va egri yo'lni tutgan shaxs boshqalarni ham o'zi kabi deb o'ylaydi.

Tushundimki, biror ish borasida yaxshilik bilan astoydil qasd qilgan va unga mahkam turgan odam uchun Alloh uning yo'lini oson qilib qo'yadi.

Alloh taologa tavakkal qiling, ishingizni mahkam ushlang. Alloh taologa ishoning, Unga suyaning. Tezda saodatga erishasiz.Ilk marta Qur'oni Karimning o‘zbek tilidagi ma'nolar tafsirini qilgan inson bilan bo‘lgan suhbatlar jamlangan kitob haqida

Bu yilgi mutolaani Qur'oni Karimning o‘zbek tilidagi tafsirini o‘qishimizga sababchi bo‘lgan inson Shayx Alouddin Mansur suhbatlar jamlangan “Osmoningdan uzilma, ey dil” kitobi mutolaasi bilan boshladim. Suhbatlarning birida Shayx hazratlari Kalamulloh ma'nolarini o‘zbek tiliga tarjima qilishga turtki bo‘lgan bir voqeani keltiradi:

“...  Shuni aytib o‘tishim kerakki, bugun mening fazilatim bo‘lib hisoblanayotgan diniy bilimim va e’tiqodim bir paytlar eng katta aybim bo‘lib sanalar edi. O‘shanda mo‘min-musulmonlar orasiga suqilib kirib olgan ayrim munofiq ayg‘oqchilarning chaquvi bilan hammaga ma’lum bo‘lgan idora hodimlari uyimda tintuv o‘tkazishib, bor diniy kitoblarimni olib chiqib ketdilar va shundan keyin bo‘lgan so‘roq-savol paytida o‘sha idora rahbarlaridan biri bir qo‘lida Qur’oni Karimni, ikkinchi qo‘lida o‘zbek tilida bitilgan kichik bir diniy risolani ushlab menga qarab shunday degan edi:

"Biz odamlarning orasida Qur’onning tarqalashidan qo‘rqmaymiz. Lekin mana bunday diniy kitoblar ko‘payishidan qo‘rqamiz. Chunki bunday kitobchalar odamlarni diniy sarqitlar bilan zaharlaydi".

Menga bu so‘zlar juda qattiq ta’sir qildi. Haqiqatan ham Qur’oni Karim naqadar buyuk ilohiy moʻjiza bo‘lsa-da, uning mazmun-ma’nolaridan bexabar xalq nazarida bu kitob shunchaki qabristonlarda o‘qiladigan yoki uyning to‘riga ilib qo‘yilib, undagi biron ko‘rsatmadan foydalanilmaydigan, bir so‘z bilan aytganda, insonlarning yashash tarziga ta’sir ko‘rsatolmaydigandek, bir oddiy kitobga aylanib qoladigandek tuyuladi.

O‘sha "so‘roq"dan boshlab bu ilohiy Kitobning mazmunini xalqimizga yetkazish niyati tug‘ulib va bu niyat menga armon bo‘lib kelar edi. Alhamdulilloh, Olloh taoloning inoyati bilan shu armonning ushalishi imkoni tug‘ildi va men bu muborak ishga kirishdim.”

Kitobda g‘oyat manfaatli, ilm o‘rganish, islom va din ilmidagi mazmunli 30 ga yaqin suhbatlar jamlangan. O‘zim hali o‘qib tugatmadim. Ammo har-bir suhbatni o‘qir ekanman, “kitob tugab qolmasaydi” degan istak bilan mutolaa qilyapman. O‘qimagan bo‘lsangiz, bu kitobni olib albatta o‘qing...Jannat bashorati berilgan 10 sahoba haqidagi kitob

Inson tiriklik vaqtida o'zi haqida Jannat bashoratini eshitsa, qanchalik xursand bo'lishini qalban his qila olasizmi? Va bu bashoratni ikki olam sarvarining shaxsan o'zlari aytsa-chi?  Ana shunday bashoratga sazovor bo'lgan insonlarni hayot yo'li, qilgan ishlari, amallarini o'rganish faqat yaxshilik, ezgulik ulashadi odamga. Chunki, "Qanday qilib bular, tiriklik vaqtidayoq, Jannatga borish kafolatini olishdi?" "Ularning qaysi ishi uchun bu ulug' mukofot berildi?" degan savollar barchaga qiziq bo'lsa kerak.

Ahmad Muhammad Tursun qalamiga mansub «Asharai mubashshara» kitobida esa ana shu 10 jannati sahoba haqida muhim ma’lumotlar beriladi. Ma'lumotlar oddiy, sodda, ammo ta'sirli uslubda bayon etilgan. Sahobalar bilan bog'liq ibratli voqealar esa ancha vaqt kitobxonni o'z ta'sirida ushlab turadi. Xullas, faqat o'qish va uqish kerak.  Men bu kitobni hamma o'qishini istardim.  Payg‘ambar alayhissalom ular haqida “Sahobalarim yulduzlarga o‘xshaydi. Qaysi biriga ergashsangiz ham to‘g‘ri yo‘lni topasizlar” deganlar.

Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam  dedilar: “Abu Bakr jannatda bo‘ladi, Umar jannatda bo‘ladi, Usmon jannatda bo‘ladi, Ali jannatda bo‘ladi, Talha jannatda bo‘ladi, Zubayr jannatda bo‘ladi, Abdurahmon ibn Avf jannatda bo‘ladi, Sa’d jannatda bo‘ladi, Sa’iyd jannatda bo‘ladi, Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda bo‘ladi”. (Termiziy rivoyat qilgan).

“Asharai mubashshara” (bashorat berilgan o‘n kishi) nomi bilan mashhur bo‘lgan sahobalar quyidagi zotlardir:
   ▪️1. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu – Payg‘ambar alayhissalomning yori g‘or birodarlari
   ▪️2. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu – Al-Faruuq. Haq bilan botil o‘rtasini ajratuvchi.
   ▪️3. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu – Zunnurayn. Farishtalar hayo qilgan sahobiy.
   ▪️4. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu – Payg‘ambar alayhissalom “Men ilm shahri bo‘lsam, Ali uning eshigidir” deganlar.
   ▪️5. Said ibn Zaid roziyallohu anhu – asharai mubashsharadan.
   ▪️6. Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu – eng boy sahobalari.
   ▪️7. Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu – Uhud jangidagi tan soqchilari, “Tirik shahid” unvoniga sazovor bo‘lgan sahobiy.
   ▪️8. Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu –ummat amini
   ▪️9. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu – Payg‘ambar alayhissalom "Ota-onam senga fido bo‘lsin, ey Sa’d” degan sahobiy.
   ▪️10. Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu – Payg‘ambar alayhissalomning havoriylariBir ne’mat bor. Uni qadrini yoshimiz 50dan oshganida seza boshlaymiz. Bu vaqt. Agar har bir soniyamizni qadrini bilganimizda men sizga hozir aytmoqchi bo‘lgan raqamlar, statistikalarni siz haqiqatligiga ishonardingiz.. Hozir Ubdulfattoh Gʻuddaning “Ulamolar nazdida vaqt qadri” kitobi haqida olgan xulosalarimni ulashmoqchiman.

MUALLIF HAQIDA

Abulfattoh Abu Gʻudda 1336 yilda Suriyaning Halab shahrida tavallud topgan. Umrini ilmga, ilm ahli bilan uchrashib ular suhbatini olishga bag‘ishlagan. Shom, Makka, Madina, Misr, Hindiston, Pokiston v aMag‘rib shaharlarida bo‘lib, yuzlab ustozlardan ilm o‘rgangan. 70dan ortiq asarlar yozgan. (Asarlari haqida kitobda ma’lumotlar bor). 1417 yilda 82 yoshda vafot etgan. Muallifning “Ulamolar nazdida vaqt qadri” kitobi bir necha bor dunyoning ko‘plab davlatlarida tarjima qilinib chop etilgan.

ASAR HAQIDA

“Ulamolar nazdida vaqt qadri” kitobini diqqat bilan o‘qib chiqqan odam, vaqtni qanchalik isrof qilayotganini, behuda narsalarga sarlaganini anglaydi. Kitobda vaqtni har bir soniyasini qadrladagan ko‘plab ulug‘ insonlar hayotidan ibratli voqealar keltirilgan. Ular vaqtini shunchalik qizg‘onganki, ba’zilari kuniga faqat bir marta ovqatlangan bo‘lsa, ba’zilari taomni chaynashga ko‘p vaqt ketadi deb, talqon yeb, suv ichib qisqa muddatda ochlik ehtiyojini qontirishgan. Kitobda hatto ko‘chada ketayotganda ham qaysidir oyatni takrorlab, yoki tasbeh aytib vaqtidan unumli foydalangan shaxslar hayotidan voqealar bayon etilgan.Biz bugun eng ko‘p kitob yozgan yozuvchi kim desa o‘ylanib qolamiz. Ushbu kitobda 800dan ortiq asar yozgan ulug‘ insonlar haqida ma’lumotlar keltirilgan. Ishongiz kelmaydiya? Ularni yozgan asarlarini umriga bo‘lsa, kuniga 50-60 sahifadan ortiq yozuv qoralagani ma’lum bo‘ladi. Keling ba’zi ma’lumotlarni keltiray:

KITOBDAN QIZIQARLI VOQEALAR:

Imom Buxoriyning shayxi Muhammad ibn Salom Poykandiy talabalik paytida bir darsda ustozi ularga hadislarni aytib turar, talabalar yozib olardi. Shunda Muhammad ibn Salomning qalami sinib qoladi. Muhammad ibn Salom shu zahoti bitta qalam uchun bir dinor beraman deb baqiradi. (Dinor oltin tanga bo‘lib, bir dinor 4.25 gr oltinga teng) Shu payt hamma tomondan unga qalamlar uchib keldi. Bu voqea Hofiz Ayniyning “Umdatul qoriy” kitobida keltirilgan. Bu yerda ilm uchun, ya’ni hadisni yozolmay qolishlikdan qo‘rqib, shuncha narxda bitta qalamni olishga rozi bo‘lmoqda. Ilmning qadrini shu darajada ko‘tarishgan ular.

YANA BIR VOQEA

Buyuk imom, taniqli qozi Abu Yusuf ustozi Imom Abu Hanifaning yonidan bir zum uzoqlashishni istamasdi. 29 yil davomida ustozining majlisida qatnashib undan ilm o‘rgangan. Faqat kasal bo‘lganidagina borolmay qolgan.  Abu Yusuf haqida Shujo’ ibn Maxladdan eshitgan rivoyatini  Muhammad ibn Qudoma shunday eslaydi: “Shujo’ ibn Maxladning aytishicha u Abu Yusufning shunday deganini eshitgan: E O‘g‘lim vafot etganda kafanlashga ham, dafn etishga ham bora olmaganman, uni qo‘shnilarim va qarindoshlarimga topshirganman. Chunki, Abu Hanifadan biror narsani eshita olmay, keyin doimiy armonda qolishdan qo‘rqqandim” . Vo ajab! Ilmning, ustozning martabasi shu darajada buyuk bo‘ladimi a?

STATISTIK RAQAMLAR

— Yahyo ibn Ma’iyndan 114 javon kitoblar va liq to‘la to‘rt sandiq kitob qolgan.
— Ibn Jarir 86 yoshida vafot etgan. Uning yozgan kitoblari 358 ming varaq bo‘lgan.
— Hofiz Zahabiy 88 yoshga kirgan. U inson 330ta asar tasnif etgan. Ulardan “Tafsirul kabir” 1000 juz, “Musnad” 1300 juz, “Tarix” 150 juz, “Zuhd” 100 juzdan iborat.

XULOSA

Kitobda bu kabi qiziq voqealar, ishonish qiyin bo‘lgan statistikalar ko‘p. Bundan tashqari vaqt qadri haqidagi Qur’on oyatlari, payg‘ambarimiz hadislari ham keltirilgan. Bu kitobni har bir kitobxon albatta o‘qishi shart bo‘lgan kitoblar qatoriga qo‘shgan bo‘lardim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120613 | Инструменты