Barcha fanlarni ingliz tilida o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish muzokaralar davomida e'tibor markazida bo'ldi.
Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda O'zbekiston Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov AQShga ishchi tashrif bilan bordi. Tashrifning asosiy maqsadi maktab tizimini rivojlantirishda ilg'or Amerika tajribasini o'rganish va mamlakatdagi tegishli davlat organlari hamda nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik o'rnatishdan iborat.
Tashrif doirasida Xalq ta'limi vaziri Amerikalik hamkasbi Elizabet Devos bilan ko'rishdi, bu O'zbekiston-AQSH munosabatlari tarixidagi ikki mamlakat ta'lim vazirlarining ilk uchrashuvi bo'ldi.
Tomonlar ta'lim sohasidagi hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilishdi. Xususan, asosiy e'tibor Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyida AQShga tashrifi chog'ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qaratildi.
Bundan tashqari, delegatsiya Montgomerdagi AQShning 10 ta eng yaxshi maktablari qatoriga kiruvchi ta'lim muassasalariga tashrif buyurdi. O'zbekiston vakillari maktab ta'lim tizimida joriy etilgan o'quv-metodik standartlar va ta'lim jarayonlari bilan tanishtirildi.
AQSH davlat departamentining tegishli bo'limlari bilan uchrashuvlarda O'zbekistonda ingliz tilini o'qitish tizimini takomillashtirish bo'yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, AQSH tajribasiga asoslangan holda ta'lim tizimini markazsizlashtirish, ta'lim samaradorligi monitoringi va baholash tizimlarini ishlab chiqish masalalari ko'rib chiqildi.
Amerikalik hamkorlar bilan AQSH mutaxassislari O'zbekiston maktab tizimini isloh qilish jarayoniga jalb qilish, ilmiy, texnik va muhandislik-matematika fanlaridan iborat “STEM” ta'limi kabi zamonaviy o'qitish metodologiyasini hayotga tadbiq etishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi. Shu bilan birga, AQShning yetakchi ta'lim muassasalarida o'qituvchilarning malakasini oshirish bo'yicha loyihalarni ham ko'rib chiqishga kelishib olindi. Ta'kidlash joiz, barcha fanlarni ingliz tilida o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish muzokaralar davomida e'tibor markazida bo'ldi.
Xalqaro ta'lim bo'yicha Amerika kengashi rahbariyati bilan uchrashuvda qator loyihalar muhokama qilindi. Qayd etish lozim, ushbu kengash ofisi avgust oyidan boshlab O'zbekistonda o'z faoliyatini yo'lga qo'ydi.
Uchrashuvlar yakuni bo'yicha tashkilot prezidenti Lorn Kreyner bilan hamkorlik bo'yicha Memorandum imzolandi. Hujjat umumta'lim maktablarida o'qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlashda o'zaro hamkorlik qilish, ta'lim tizimida AKTni joriy etish, shuningdek, maktab o'quvchilarini o'qitishda AQShning yetakchi ta'lim muassasalari mexanizmini o'rganishni o'z ichiga oladi.
AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi, Amerika Eksimbanki va Jahon banki vakillari bilan bilan o'tkazilgan uchrashuvda O'zbekiston umumta'lim tizimini isloh qilish loyihalarining moliyaviy-texnik jihatlari muhokama qilindi. Suhbat chog'ida «One on One Basketball» kabi xususiy kompaniya vakillari bilan ta'lim sohasida sportni rivojlantirish va sportga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish masalalari ko'rib chiqildi. O'zbekistonda AQSH Milliy basketbol assotsiatsiyasi sportchilarini jalb qilgan holda o'qituvchi va o'quvchilar uchun qator master klasslar o'tkazish rejalashtirilmoqda.
Vazirlik delegatsiyasi tashrifi doirasida AQShda istiqomat qilayotgan diaspora vakillari va vatandoshlarimiz bilan ham uchrashuv o'tkazildi. Ular tomonidan ham respublikada maktab ta'lim tizimini rivojlantirish bo'yicha taklif va tavsiyalar bildirildi. AKTga alohida e'tibor qaratgan holda tizimni isloh qilish va masofaviy ta'limni tashkil etish, shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar uchun inkluziv ta'lim mexanizmini yaratish singari fikrlar bildirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82501 | Инструменты