Toshkent shahrida qiymati 1,2 mlrd dollarga teng bo‘lgan majmua barpo etiladi

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Bektemir tumanida "Bektemir Business City" ishbilarmonlik markazini qurish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Mazkur qaror joriy yilning 18-avgust kuni "E-qaror" elektron tizimida e'lon qilindi.

Hujjatga muvofiq, zamonaviy arxitektura qiyofasiga ega bo‘ladigan ushbu markazni barpo etish uchun Bektemir shohko‘chasi bo‘ylab joylashgan "Bektemir" va "Abay" mahallalari hamda Toshkent halqa avtomobil yo‘li yoqasidagi "Zabardast" mahallasi hududlaridan yer maydonlari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28-fevraldagi poytaxtni kompleks qurish bo‘yicha qabul qilingan qarorida keltirilgan rejaga asosan, majmua umumiy hisobda 58 gektar maydonni egallaydi. Loyihaning dastlabki qiymati 1,2 milliard AQSh dollari etib baholanmoqda. Hududda zamonaviy turar-joy majmualari, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar bunyod etilishi rejalashtirilgan.

Loyihaga buyurtmachi sifatida poytaxt hokimligi huzuridagi "Olmazor Business City" qurilish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi belgilandi.

Shuningdek, Bektemir tumani hokimligiga ajratilgan hududdagi mavjud bino va inshootlarni xatlovdan o‘tkazish hamda loyiha chegaralarini tasdiqlash vazifasi yuklatildi. Tuman hokimligi shahar ma’muriyati va direksiya bilan birgalikda hududning bosh rejasi (master-plan) hamda batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqishi belgilangan.

Qurilish obyektlari uchun yer uchastkalari ishlab chiqilgan bosh reja asosida elektron onlayn-auksion orqali sotiladi. Yer savdosidan tushgan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududning infratuzilmasi hamda ichki kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etishga yo‘naltiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82217 | Инструменты