Ba'zida ota-onaning farzandi bilan erkin muloqot qilmasligi, uning savollariga javob bermasligi keyinchalik fojia bo‘lishi mumkin. Bu haqda ko‘p asarlar yozilgan. Jumladan “Yo‘l-yo‘l poyjoma kiygan bolakay” asari ham shu mavzuni uqtirishga, undan xulosa chiqarishga chorlaydi.
Yosh, qiziquvchan Bruno ham ana shunga o‘xshash voqeadan jabr chekadi. Uning otasi yangi lavozim uchun Brunoning qadrdon do‘stlari bilan xayrlashishga, qizi, ayolini ham Berlindagi ko‘rkam uyidan kechib, Polshaga borishga majbur etadi.
Polshadagi yangi uyga tabiiyki Bruno birdaniga ko‘nikib ketolmaydi. Chunki, bu uy avvalgi uyi kabi hashamatli emas, qolaversa atrofda boshqa uylar ham yo‘q edi. Bu esa Brunoga o‘ynash uchun do‘stlar yo‘qligini anglatardi. U Berlindagi do‘stlarini sog‘inadi. Otasiga qaytish haqidagi fikrini uqturmoqchi bo‘ladi. Qattiqqo‘l ota esa buni rad etib, qayta bu mavzuda so‘z ochmasligini tayinlaydi.
Brunoning xonasi derazasidan ko‘rinib turgan tikanli simli devor, uning ortidagi bir xil yo‘l yo‘l kiyimli odamlar uni hayratlantiradi. Ular kim o‘zi? Nega bir xil kiyinib olishgan? Nega otasiga o‘xshash harbiylar ularni qo‘riqlab, turli yumishlarni bajartirmoqda? Bu kabi kabi savollarga javob topolmaydi. Otasi va onasidan so‘rashga qo‘rqadi. Chunki ular bolani ortiqcha savollarini eshitishni xohlashmaydi.
Xullas, qiziquvchan Bruno bir kuni o‘zi sevgan mashg‘uloti tadqiqot va ekspeditsiya o‘tkazish uchun yashirincha uydan chiqib, o‘sha tikanli devor bo‘ylab yurishni boshlaydi.Uzoq yurib sim devor tagida o‘tirgan bir bilakayni ko‘radi. Shu bilan u yangi do‘st topadi va ularning zarguzashlari boshlanadi.
... Kunlardan bir kuni onasi otasi bilan janjallashib qoladi. Maqsad, bu yerda ortiq yashay olmasligi, bolalarining kelajagi uchun ham Berlinga qaytishi shartligini aytadi. Va bu ma'qullanib, Brunoning otasi o‘zi bu yerda qolishi, farzadlari va xotinini Berlinga qaytishi tastiqlanadi. Kutilmagan bu qaror Brunoni goh quvontirib, goh ma'yus qiladi. Sababi bu yerda sirli do‘sti bilan endi yaxshi chiqishib olgan edi. Ketish oldidan so‘nggi bor sim to‘siq ortidagi yahudiy do‘sti bilan xayrlashish uchun u yerga borgan bolakay boshqacha qarorga keladi. O‘z tadqiqotlarini nihoyasiga yetkazishni istaydi.
....
Shu bilan u ortga, uyiga qaytmaydi. Otasining o‘z vaqtida bolasi bilan erkin suhbat qilmaganligi, uning savollariga javob berishni istamaganligi oila boshiga ana shunday kulfat olib keladi.
Xulosa: Ushbu asar kattalarga bolalarning, ayniqsa balog‘at sari ulg‘ayayotgan bolalarning savollariga hamisha to‘g‘ri va batafsil javob berish lozimligini, imkon qadar ular bilan vaqt ajratib suhbatlashib turish, muammolarini tinglash, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, maslahat berish lozimligini uqtiradi.
Muallif: jurnalist Komiljon Aslonov
Alpha version: 0.9.1.19 build 112111 | Инструменты