Alisher Navoiy devonining noyob qo‘lyozmasi nashr etiladi

“Alisher Navoiy izidan” xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi aʼzolari Eron Islom Respublikasiga safar uyushtirdi. Unda bir qator o‘zbekistonlik olimlar ishtirok etdi.

Safardan ko‘zlangan maqsad – Eron oliy taʼlim, ilmiy va madaniy markazlari faoliyati bilan tanishish, xususan, Alisher Navoiy qadamjolariga borish hamda ulug‘ mutafakkir bobomiz hayoti va ijodiga oid manba va qo‘lyozmalarni topib tadqiq qilishdir.

Safar davomida olimlar Tehron shahrida joylashgan Eron Milliy kutubxonasiga tashrif buyurdi. U yerda Alisher Navoiy sheʼrlaridan tuzilgan dastlabki devon – “Badoeʼ ul-bidoya”ning 1501 yili ko‘chirilgan qo‘lyozmasi saqlanadi. Mazkur qo‘lyozma 2021 yilda o‘zbek olimi doktor Saidbek Boltaboyev tomonidan aniqlanib, navoiyshunoslikka maʼlum qilingan edi. Hozirga qadar fanga “Badoeʼ ul-bidoya” ning sakkiz nusxasi maʼlum bo‘lib, bu devon Navoiy umrguzaronligi vaqtida ko‘chirilgan sakkizinchisi ekanligi bilan ahamiyatli.  

Buning ustiga, hozirga qadar mazkur qo‘lyozma tarkibi ilm ahliga yaxshi maʼlum emas. Ayni devon tarkibidagi sheʼrlar bilan batafsil tanishish navoiyshunoslik uchun yangi xulosalarga olib kelishi mumkin.

O‘zbekistonlik olimlar Eron Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan uchrashuv chog‘ida mazkur qo‘lyozma bilan tanishish niyatida ekanligini bildirgach, kutubxona qo‘lyozmalar fondidagi Alisher Navoiy devonining asliyati bilan tanishish imkoni berildi. So‘ng olimlarimiz mazkur qo‘lyozmaning faksimilesini tayyorlash va nashr qilish ishlarini amalga oshirish niyatida ekanligini maʼlum qildi. Kutubxona vakillari esa bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, shu kabi nashrlar o‘zaro madaniy aloqalarni yana-da kuchaytirishi va bundan mamnun ekanliklarini taʼkidlashdi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71010 | Инструменты