Muzeylarda Sohibqiron Amir Temur nomi bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta eksponatlar borligi ma’lum bo‘ldi. Bunday ashyolar sirasiga “Amir Temur yoquti”, Sohibqironga tegishli bo‘lgan qilichni kiritish mumkin. Amir Temurning bizga ma’lum bo‘lgan qilichi bugungi kunda Eron Islom respublikasidagi Tehron milliy muzeyida saqlanmoqda.
XX asr boshlaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur qilichi Tehrondagi muzeyda saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “O‘zbek davlatchiligi tarixi” kitobi muallifi Azamat Ziyo Eron poytaxtiga qilgan ilmiy safari davomida Sa’dobod saroyi hududidagi Tehron harbiy muzeyida ko‘rganligini yozadi. Temuriylar tarixi davlat muzeyida Eronning Toshkent shahridagi elchixonasi tomonidan hadya qilingan Amir Temur qilichi fotosurati ekspozitsiyaga qo‘yilgan.
So‘nggi yillarda tarixchi olim Manuchehr Mushtog‘ Xurosoniy tomonidan nashr qilingan bir qancha kitob-albomlarda Eron Islom respublikasi muzeylarida Amir Temurga tegishli bir emas, naq uchta qilich borligi ma’lum bo‘ldi.
Sohibqironga tegishli qilichlardan biri Tehron milliy muzeyida bo‘lsa, qolgan ikkitasi shahardagi Sa’dobod saroy-majmuasi hududidagi Harbiy muzeyda saqlanayotgani aniqlandi.
Sa’dobod saroy majmuasi – Tehronning shimoli-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, bir qancha saroy va ko‘shklar, muzeylardan tashkil topgan. Ushbu majmua Qojarlar sulolasining so‘nggi vakillari tomonidan bunyod etilgan. Pahlaviylar sulolasi davrida esa yirik saroy – majmuasiga aylantirildi. 1920-yillarda bu yerda Rizo Pahlaviy yashagan bo‘lsa, 1970-yillarda majmua uning o‘g‘li Muhammad Rizo Pahlaviyning qarorgohi bo‘lgan.
Bugungi kunda Sa’dobod – saroylar va muzey pavilyonlaridan, shuningdek, deyarli har bir binosida noyob muzey kolleksiyalari va nodir eksponatlarni o‘zida saqlayotgan muhtasham majmuadir. Ushbu majmua takribiga kiruvchi shunday muzeylardan biri Harbiy muzey hisoblanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122518 | Инструменты