Huawei 1

Shu kunlarda Vashingtonda O'zbekistonning AQShdagi Elchixonasi tashabbusi bilan o'zbek kinorejissyori Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan “Islomho'ja” badiiy publitsistik filmi namoyish etildi. Ushbu kinokartina ochiq osmon ostidagi muzey – “Ichan-qala”da go'zal tarixiy tafsilot va o'ziga xos uslubda suratga olingan bo'lib, haqiqiy voqealarga asoslangan. Vashingtonda o'tgan premeraga 200 dan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi.

Bir paytlar “Oskar” laureati, Britaniya va Amerikalik kinorejissyor, prodyuser va ssenariynavis Ser Alfred Xichkok aytganidek, “Kino – bu barcha zerikarli qismlari olib tashlangan hayot demakdir”. Albatta bu tarixiy hayotimizning eng qiziqarli va e'tiborga molik jihatlarini kartina orqali yetkazib bera oladigan san'atdir. “Islomxo'ja” filmining namoyish joyi ham o'ziga xos ahamiyatga ega. U AQShning 28-Prezidenti Vudro Vilson nomi berilgan mashhur memorial majmuasida tomoshabinlar e'tiboriga havola etildi. Majmua Vashingtonning markazida joylashgan Ronald Reygan xalqaro savdo markazining bir qismi hisoblanadi.

Ushbu kinokartina muallifi Jahongir Ahmedov filmni katta ekranlarga muvaffaqiyatli chiqargani hamda O'zbekiston madaniyati va sanatiga qo'shgan hissasi uchun Prezident mukofotini qo'lga kiritgan. Film tomoshabinlarni 20 asr boshlariga qaytishga undaydi. U so'ngi Xiva xonlaridan ikki nafariga xizmat qilgan buyuk vazir – Islomxo'janing sirli o'limini o'rganishga kirishgan yosh tadqiqotchi hikoyalariga asoslangan. Kinokartina qahramoni hukmron tabaqaga tahdid soladigan ta'lim, iqtisodiy va madaniy islohotlar uchun kurashgan. O'sha paytlarda Xiva xonligi Rossiya imperiyasi qaramligida bo'lishiga qaramasdan, Islomho'ja rus imperatori Nikolay II bilan xalqaro va milliy siyosatni bemalol muhokama qila olgan. Shuning uchun ham xondan ko'ra uning hurmati yuqori edi. Afsuski u sirli ravishda o'ldiriladi. Va ushbu film o'sha davrning eng taniqli shaxslaridan biri o'limiga oid yuz yillik tadqiqotlar mahsulidir.

Tadbirni markaz direktori Metyu Royanski, yozuvchi Natali Ruland hamda O'zbekistonning AQShdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Javlon Vahobov ochib berdi. So'zga chiqqanlar mamlakatimizda ushbu filmning bugungi kunda tutgan o'rni, chuqur ma'noli va yuqori sifatli kinoindustriyaning rivoji haqida fikr bildirishdi. Shuningdek, mehmonlarga O'zbekistonda kinematografiyani rivojlantirishning holati va istiqbollari haqida batafsil ma'lumotlar berildi. Tadbirda ta'kidlanganidek, milliy kino mamlakat madaniyati va sanati rivojiga bebaho hissa qo'shgani, yoshlarni vatanparvarlik va yurtga muhabbat ruhida tarbiyalash, qariyalarni hurmat qilishdagi ahamiyati katta.

Premeraga 200 dan ortiq tomoshabin, jumladan AQShning rejissyor, ssenariynavis, prodyuser, kinotanqidchi, rassom, sanatshunos, yozuvchi, qolaversa rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari tashrif buyurishdi. Mehmonlar o'zbek kinorejissyori ishini yuqori baholib, kinokartinani Gollivud filmlari bilan tenglashtirdi. Ko'pchilik ushbu kino O'zbekistonning boy tarixi va rang-barangligini, shuningek o'zbek xalqining buyuk madaniyati va Xiva shahrining shuhratini ko'rsata olganini ta'kidlashdi.

Namoyish so'ngida kinolenta rejissyori bilan jonli muloqot va baxs-munozara bo'lib o'tdi. Amerikalik tomoshabinlarda syujetdagi tanlov, qolaversa, o'sha davrning tarixiy ko'rinishi, suratga olish maskaninig tarixiy joylashuvi, film byudjeti, davlat tomonidan ko'rsatilgan ko'mak va boshqalar juda katta qiziqish uyg'otdi. Rejissyor Jahongir Ahmedov o'rtaga tashlangan barcha savollarga batafsil javob berdi, shuningdek, tadbir ishtirokchilarini O'zbekistonga, jumladan Xivaga tashrif buyurib, shahar jozibasiga shaxsan guvoh bo'lishga taklif qildi.

AQSH kinotanqidchilari ta'kidlaganidek, bunday filmlar yuksak maqtovga loyiq va dunyo kinoindustriyasining ajralmas qismi hisoblanadi. Sessiya davomida O'zbekiston tomoni AQSH bozorida shu kabi filmlar savdosini yo'lga qo'yish imkoniyatlarini ko'rib chiqish taklifini bildirdi.

Tadbir davomida milliy musiqiy asarlar to'plami ham mehmonlar e'tiboriga havola etildi. Mehmonlar mamlakatimiz boy madaniyati bilan yaqindan tanishish, milliy sozlarining sexrli ovozidan bahramand bo'lish va o'zi uchun butunlay yangi O'zbekistonni ochish imkoniga ega bo'lishdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 113007 | Инструменты