68 yoshli aktyor Jeki Chan Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tayotgan “Qizil dengiz” kinofestivalidagi matbuot anjumanida “Tig‘iz payt 4” filmi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
Uning so'zlariga ko'ra, tez orada film rejissyori bilan uchrashadi va birgalikda ssenariyni muhokama qiladi.
Ma'lum qilinishicha, Chan yangi filmga aynan kim rejissyorlik qilishini ochiqlamagan bo‘lsada, u “Tig‘iz payt” filmining dastlabki 3 ta qismini suratga olgan Brett Ratnerni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ijodkor matbuot anjumanida ushbu filmni yaratilish tarixi haqida so‘zlab bergan.
“Men Gollivudga borishga ko‘p marta urinib ko‘rdim, lekin men ingliz tilini yaxshi bilmasdim. Amerikada bo‘lgan vaqtimda menejerim menga “Tig‘iz payt” nomli film ssenariysini ko‘rsatdi. Men film Gonkong politsiyasi haqida ekanini eshitib dast-avval rozi bo‘lmadim, ammo menejerimni undovi bilan urinib ko‘rishga qaror qildim”, deydi u.
Jeki Chan shuningdek, 1998-yilda “Tig‘iz payt” filmi premerasidan so‘ng unga hayajonga to‘la qo‘ng‘iroq bo‘lganini eslab o'tdi.
“Birinchi film katta ekranlarga chiqqanidan so‘ng, rejissyor Ratner va aktyor Taker menga qo‘ng‘iroq qildi va katta muvaffaqiyatga erishganimizni aytishdi. Keyin esa 2 va 3-qism suratga olindi”, deydi Chan.
Aktyor ijodini boshlaganiga 60 yil to‘lgani haqida aytib, endilikda jangari filmlar ustida kamroq ishlashi, ko‘proq sevgi-muhabbat tarixiga e’tibor qaratishini aytib o‘tgan. Qolaversa, hozirda “ayollar” uchun dramatik film tayyorlagani, tez orada yangi kinofilm premerasi bo‘lib o‘tishini ham ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Tig‘iz payt” filmining dastlabki uchta qismi 1998, 2001 va 2007-yillarda namoyish etilgan. Filmning umumiy daromadi 850 million AQSH dollariga yetgan.
Film gonkonglik inspektor Li va Amerikalik detektiv Jeyms Karter birgalikda fosh etgan jinoyatlar haqida hikoya qiladi. Kartinaning asosiy sahnalari Gonkong, AQSH va Fransiyada suratga olingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102707 | Инструменты