Huawei 1
«Lazgi» hujjatli filmi qator xalqaro kinotanlovlar g‘olibi bo‘ldi

Turizm va sport vazirligi qo‘llab quvvatlashi ostida yosh umidli rejissyor Ixtiyor Baxtiyorov tomonidan tasvirga olingan «Lazgi» hujjatli filmi qator xalqaro tadbirlarda nufuzli mukofotlarga munosib ko‘rildi.

Jumladan, «Art Stream», «Fifflondon», «Blackboard», «Lift-Off Season Awards» va «IFFT» xalqaro tanlovlarida Lazgi raqsi tarixiga bag‘ishlangan hujjatli film «Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film» deya tan olindi.

«2020 yilgi Yoshlar forumi doirasida yosh rejissyor ukamizdan taklif tushdiю Loyihani yaxshilab o‘rganib, uni har tomonlama qo‘llab quvvatladik — vazirlik tomonidan loyihani amalga oshirish uchun zarur mablag‘ ajratildi va kerakli sharoit yaratildi. Qisqa fursat ichida «Lazgi» filmining bunday yutuqlarga erishishi davlatimiz rahbarining yurtimiz madaniy merosini asrashga qaratayotgan e’tibori, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va, albatta, yoshlarga yaratilayotgan sharoit natijasi deb bilaman. Film ijodkorlarining keyingi faoliyatiga omad tilayman. Yurtimiz rivojiga hissa qo‘shuvchi iste’dodli yoshlarimiz ko‘payaversin, biz ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz»,— deydi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov. 

«Lazgi» hujjatli filmi Moskva shahrida har oyda bo‘lib o‘tadigan «Art Stream» kinofestivalida «Raqs haqidagi eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film» deya e’tirof etildi. Art Stream kinofestivali turli mamlakatlardagi barcha janrlarda faoliyat yurituvchi mustaqil kinematografistlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga, «Lazgi» Londonda o‘tkaziladigan «Fifflondon» filmlar tanlovida «Tomoshabinlar tanloviga ko‘ra eng yaxshi film» sifatida tan olingan. Har oy mazkur tanlov hakamlar hay’ati yopiq namoyishlarda eng yaxshi badiiy, hujjatli va annimasion filmlar mualliflarini taqdirlaydi.

Butun dunyo kino ishlab chiqaruvchilarini e’tirof etishga bag‘ishlangan «Blackboard» xalqaro kinofestivali bo‘lib, unda «Lazgi» filmi «Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film» deya tan olindi.

Hindistonning eng yaxshi filmlarga bag‘ishlangan «Lift-Off Season Awards» tadbiri iste’dodli ijodkorlarning yuzlab filmlarini kashf qiladi. Ushbu festivalda O‘zbekistonning «Lazgi» filmi «Raqs haqidagi eng yaxshi filmlardan biri» sifatida tan olindi.

Bundan tashqari, «Orange Film Academy», Trissurdagi xalqaro kinofestival, Mediatadqiqotlar markazi, Syent-Tomas kolleji va Hindiston xalqaro folklor kinosi tomonidan tashkil etilgan «IFFT» (International Film Festival of Thrissour) taqdimotida «Lazgi» «Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film» deya e’tirof etildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

«Bu filmni ishlash jarayonida Lazgi raqsining yo‘qolib borayotgan turlarini saqlab qolish, uni dunyoga namoyish etish va shu orqali madaniy merosimizga xorijliklarning e’tiborini qaratishni maqsad qilgandim. Toshkentda o‘tgan Yoshlar forumida Turizm va sport vaziriga murojaat qildim va ular mening ushbu tashabbusimni to‘liq qo‘llab quvvatladi, hamda tezda filmni tasvirga olishga kirishib ketdik. Bizdek yoshlarni qo‘llab quvvatlagani, motivasiya bergani uchun Turizm va sport vazirligi vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», — deydi film rejissyori Ixtiyor Baxtiyorov.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Yunus Rajabiy nomidagi milliy musiqa san’ati instituti professori, San’atshunoslik fanlari nomzodi. Ardahan (Turkiya) universiteti go‘zal san’atlar fakulteti professori Botir Matyoqubov film haqida shunday fikr bildirdi:

«Dunyoda shunday xalqlar borki ularning qandayligini hunarmandchiligi, san’ati va raqslari orqali kashf qilasiz, yodda saqlaysiz. Masalan, ukrainlarning «Gopak»i, dog‘istonliklarning «Lezginka»si, O‘zbeklarning «Lazgi»si yoki «Andijon polkasi» va boshqalar. «Lazgi» raqsi qadim zamonlarda yuzaga kelgan bo‘lsada, bizning asrimizga kelib dunyoga tanildi va YUNESKO shafeligiga olindi. Bugungi kunga qadar 50dan ortiq ijodkorlar uning yangi turlarini yaratishdi. «Lazgi» haqda qisqa hamda to‘liq metrajli filmlar ishlanib, dunyo kezmoqda va sayyohlarni «Lazgi» vatani bo‘lgan Xorazmga chorlamoqda. Yo‘qolib borayotgan cholg‘u asboblarning chalinishi hamda raqsning tarixini va uning naqadar go‘zalligini ochib bergan bu film menga juda manzur bo‘ldi. Parvozingga ko‘z tegmasin, otashin, shijoatli, jo‘shqin Lazgim!»

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60422 | Инструменты