Malayziyada Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovga O'zbekiston madaniy merosiga oid tarixiy qo'lyozmalarning faksimile nusxalari topshirildi.
Xususan, Abu Rayhon Beruniyning "At-Tafhim" va Abulqosim Firdavsiyning Temuriylar davrida ko'chirilgan "Shohnoma" asarlari topshirildi. Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi institutida tashkil etilgan tadbirda O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ham ishtirok etdi.
Markaz rahbari qadimiy qo'lyozmalar nusxalarini qabul qilish jarayoni haqida fikr bildirdi:
- Bugungi kunda O'zbekistonda Prezidentimiz tashabbuslari bilan tarixiy merosimizni o'rganish va insonparvarlik g'oyalarini keng targ'ib qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bundan sakkiz yil muqaddam davlatimiz rahbari farmonlariga binoan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil qilindi. Markazimizda O'zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi qo'shgan hissasini aks ettirish, yurtimizda va xorijda saqlanayotgan O'zbekistonga oid madaniy va ma'rifiy yodgorliklarni tadqiq etish ko'zda tutilgan. Markazimizda buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasiga qo'shgan hissasini o'rganish hamda madaniy yodgorliklarni tadqiq qilish borasida faol ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun qabul qilingan qo'lyozma nusxalari ham markazimiz ekspozitsiyasini yana-da boyitadi.
Qo'lyozmalar Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy ekspozitsiyasida namoyish etilishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, o'tgan yilning dekabr oyida Malayziyadagi Xalqaro Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti xuzuridagi Islom sivilizatsiyasi kutubxonasidan O'zbekistonning madaniy merosiga oid tarixiy qo'lyozmalar topilgani haqida xabar berilgan edi.
Abu Rayhon Beruniy (973–1048) asarlari va ilmiy kashfiyotlari dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo'shgan. Uning 1197-yilda ko'chirilgan "At-Tafhim" asari jahon ilm-fanida muhim manba sifatida e'tirof etilgan. Abulqosim Firdavsiyning "Shohnoma"si esa XV asrda Temuriylar davri kitobat san'ati an'analari asosida ko'chirilgan. Asarda Kamoliddin Bekzod miniatyura maktabiga xos unsurlar aniqlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11017 | Инструменты