Davlat rahbarining har yili 25 may sanasida maktabni bitirayotgan o‘g‘il-qizlarga yo‘llaydigan tabrigi 2021 yildan buyon ezgu va mustahkam anʼanaga aylandi. Bu anʼana ortida yoshlarga bo‘lgan yuksak eʼtibor, ularning orzu-intilishlariga ishonch va kelajakka daxldorlik hissi mujassam.
Jahon tajribasiga nazar tashlansa, davlat rahbarining bevosita maktab bitiruvchilariga qaratilgan, har bir yoshning qalbiga yetib boradigan bunday samimiy, batafsil va ilhomlantiruvchi murojaati kamdan-kam mamlakatlar siyosiy madaniyatida uchraydi. Shu jihatdan, ushbu tabrik nafaqat rasmiy murojaat, balki yosh avlod bilan ochiq va ishonchli muloqot namunasi sifatida ham ahamiyatlidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigida muhim bir haqiqatni alohida taʼkidladi: bugun chekka qishloqdagi oddiy maktabni bitirayotgan o‘quvchi ham ertaga dunyo tan oladigan olim yoki ixtirochi bo‘lishi mumkin. Bugun kitob o‘qiyotgan bir qizaloq esa ertaga yurt taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ilmli farzandlarni tarbiyalaydi.
Bu fikrlar zamirida bir muhim g‘oya mujassam — Yangi O‘zbekistonda har bir yosh uchun imkoniyat eshiklari ochilmoqda, inson qadri va bilim esa eng ustuvor qadriyatga aylanmoqda.
Shubhasiz, bugungi tabrik mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan minglab yigit-qizlar uchun katta motivatsiya, ertangi kunga ishonch va yangi marralar sari ruhiy tayanch bo‘lib xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52510 | Инструменты