Mualliflik huquqini buzgan Yulduz Usmonova shoirga 185 million soʻm toʻlaydigan bo'ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda shoir Roʻziyev Yoʻlchi Ziyodullayevichga tegishli boʻlgan “Xasta boʻlma” sheʼrini Oʻzbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonova tomonidan kuylangani va buning uchun shoirga hech qanday mualliflik haqi bermaganligi toʻgʻrisidagi xabarlar tarqalgandi.
Ma'lumotlarga ko'ra, “Xasta boʻlma” sheʼrining muallifi shoir Y.Roʻziyev Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanlaroro sudiga mualliflik huquqlari buzilishiga chek qoʻyish, mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va maʼnaviy zararlarni undirish yuzasidan daʼvo arizasini kiritgan.
Soir Y.Roʻziyev oʻziga tegishli boʻlgan “Xasta boʻlma” sheʼrini 2016-yil 16-aprel kuni yozib tugatgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1046-moddasiga koʻra, Asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan boʻlsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb eʼtirof etiladi.
Shuningdek, fan, adabiyot va sanʼat asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti boʻyicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni roʻyxatdan oʻtkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.
Kecha, 29-oktyabr kuni Fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudida shoir Yoʻlchi Roʻziyev hamda xonanda Yulduz Usmonovaning ochiq sud majlisi boʻlib oʻtdi.
Sud ishida Yoʻlchi Roʻziyevning “Xasta boʻlma” sheʼri muallifligi boʻyicha daʼvo arizasiga binoan shoir va xonanda oʻrtasidagi masala tomonlarning ishonchli vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Sudning yakuniy qaroriga koʻra, daʼvo arizasi qisman qanoatlantirildi. Sudda daʼvogar hisobiga uning maʼnaviy zarari uchun 50 million soʻm hamda BHMning 500 baravari miqdoridagi tovon puli, umumiy miqdorda 185 million soʻm Yulduz Usmonova tomonidan undirish haqida qaror qabul qilindi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, joriy yilning 20-avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq muallifga mualliflik huquqi va turdosh huquqlari buzilgan taqdirda, bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslardan zarar qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilish huquqi berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122220 | Инструменты