Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qoʻmitasi hamda Davlat ekologik ekspertizasi markazi vakillari 13–17-aprel kunlari Janubiy Koreya poytaxti Seulda boʻlib oʻtayotgan seminarda ishtirok etmoqda.
Seminar Davlat ekologik ekspertizasi markazi va Koreya atrof-muhit instituti (KEI) oʻrtasida tuzilgan oʻzaro anglashuv memorandumi doirasida tashkil etildi.
Ma'lumot uchun, Davlat ekologik ekspertizasi markazi va KEI oʻrtasidagi faol hamkorlik 2024-yil noyabridan boshlab izchil davom etib kelmoqda.
“Hamkorligimiz Oʻzbekistonda ekologik baholash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Ushbu seminar-workshop ekologik ekspertiza sohasida raqamli transformatsiyani jadallashtirish yoʻlida yangi imkoniyatlar ochib beradi”, — dedi Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori G‘. Muxamedov.
Seminarda quyidagi yoʻnalishlarda chuqur bilim va amaliy koʻnikmalar egallanadi:
— Koreyada joriy etilgan Ekologik taʻsirni baholash axborot tizimi (EIASS) haqida va uni ishlab chiqish tajribasi;
— EIASSni yangilash va kengaytirish boʻyicha strategik rejalar hamda modernizatsiya yoʻnalishlari;
— Raqamli atrof-muhitga taʻsirni baholash sohasida ilmiy-tadqiqot natijalari va innovatsion yondashuvlar;
— Sunʻiy intellektdan ekologik ekspertiza va monitoring amaliyotida foydalanish imkoniyatlari;
— Atrof-muhit holatini masofadan kuzatishda sunʻiy yoʻldosh maʻlumotlarining qoʻllanilishi.
Shuningdek, delegatsiya vakillari Koreya Respublikasidagi yashil bog‘lar va yashil parklarni loyihalash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishishadi.
Ushbu seminar Oʻzbekistonda ekologik ekspertiza tizimini raqamlashtirishga yoʻnaltirilgan islohotlar bilan bevosita bogʻliq. Koreya tajribasini oʻrganish orqali Davlat ekologik ekspertizasi markazi mutaxassislari raqamli atrof-muhitga ta’sirni baholash platformasini shakllantirishda ilgʿor yechimlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, seminar davomida kelajakdagi qoʻshma loyihalar va ikki tomonlama hamkorlikning yangi yoʻnalishlari bo‘yicha yangi loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borilishi kutilmoqda.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi va KEI oʻrtasidagi uzoq muddatli sheriklik Ekologiya qoʻmitasining xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va ekologik boshqaruv tizimini zamonaviy standartlar asosida takomillashtirish boʻyicha olib borayotgan maqsadli siyosatining yorqin namunasidir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41617 | Инструменты