Huawei 1
2024-yilda 38 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqariladi

AOKAda tashkil etilgan brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari“ uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda drayver soha hisoblangan qurilish materiallari sanoatida 2017-2023 yillarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishilgan. Sohada malakali kadrlar tayyorlash, xorij tajribasini jalb qilgan holda yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, eksport bozorlarini kengaytirish tizimi tubdan qayta isloh qilingan.

– Jumladan, sohada ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 2 barobar o‘sib, 14 mingga yetdi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi esa 2017 yildagi 8 trillion so‘mdan 2023 yilda 34,2 trillion so‘mga yetkazildi yoki 4 barobarga oshdi. Shuningdek, 9 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilib, yangi amalga oshirilgan loyihalar doirasida 94 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.

Yangi 36 turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi va eksport bozorini kengaytirish hisobiga eksport davlatlari soni 2017 yildagi 28 tadan 58 taga kengaytirildi. Qurilish materiallari keng hajmli, og‘ir vaznli ekanligidan kelib chiqib, asosiy eksport bozorlari hisoblangan qo‘shni davlatlarga mahsulot eksporti 8 barobarga oshirildi. Latviya, Niderlandiya, Belgiya kabi yangi istiqbolli eksport bozorlari o‘zlashtirildi. Eksport hajmini oshirish maqsadida 9 ta davlatda tashkil etilgan ko‘rgazma va savdo forumlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari bilan ishtiroki taʼminlandi hamda Ozarbayjonning Boku shahrida “O‘zbekiston savdo uyi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada qurilish materiallari eksporti 9 barobarga o‘sib, 2017 yildagi 71 million dollardan 2023 yilda 654 million dollarga yetkazildi, – dedi J.Shermetov.

Tadbirda galdagi rejalarga ham urg‘u berildi. Unga ko‘ra, sohada joriy yilda 38 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqariladi. 2025 yilda ushbu ko‘rsatkich 44,7 trillion so‘mga yetkaziladi. Joriy yilda 1 milliard dollarlik eksport amalga oshiriladi. 2025 yilda esa eksport hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92714 | Инструменты