Majlisda senatorlar, ekspertlar hamda tegishli vazirlik va idoralar ishtrokida O‘zbekiston Respublikasining “2024 -il uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni hamda 2024-yilgi Budjetnoma muhokama etildi.
Qonunda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz, 2025-2026-yillarda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik ko‘zda tutilmoqda. O‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish, soliq va budjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish, byudjet ochiqligini ta’minlash hamda budjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish, “Yashil budjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish ham nazarda tutilgan.
Qonunda asosan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarida nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarga erishish inobatga olingan.
2024-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 375 trillion so‘m miqdorida, xarajatlari esa 427,6 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidatsiyalashgan byudjet 52,6 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.
Davlat budjeti daromadlari 270,4 trillion so‘m, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trillion so‘m.
Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,2 trillion so‘m va 85,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.
Keyingi yilda ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgani saqlab qolinib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat budjeti xarajatlarining 50 foizi yoki 151,6 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120300 | Инструменты