O'zbekiston elchixonasida Janubiy Koreyaning "Magenta Apparel Group" kompaniyasi rahbari No Myong Jun bilan muzokaralar bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Uchrashuvda avvalida No Myong Jun o'z kompaniyasi faoliyati haqida so'zlab berdi. Uning aytishicha, mazkur kompaniya O'zbekistonda tayyor tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Hozir kunda Janubiy Koreyada o'smirlar liboslari keng ommalashayotganligi sababli ishlab chiqariladigan tovarlar turini aynan yoshlar tayyor tekstil mahsulotlariga qaratilishi ta'kidlab o'tildi.
O'z navbatida, "Magenta Apparel Group" kompaniyasi tovar ayirboshlash hajmini bir necha baravar oshirishga bel bog'lagani va ushbu maqsadda xorijda, jumladan O'zbekistonda ishlab chiqarish korxonasini tashkil qilish istiqbollari korxona mutasaddilari tomonidan keng o'rganilayotgani ma'lum qilindi.
Mazkur kompaniyaning Koreya Respublikasidagi ishlab-chiqarish korxonalarida 200 ga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Xitoydagi korxonalarda esa 300 yaqin ishchilar mavjud. Kompaniya 5 ta yuridik korxonaga egalik qiladi va ularda turli xil brendlar asosida tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqariladi.
No Myong Junning ta'kidlashicha, O'zbekistonda ham 3 nafar mutasaddi mahalliy xodimlar yollangan va korxona ishga tushgach, dastlab 30 nafar ish o'rinlari yaratiladi. Keyinchalik esa 100 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning barchasi eksportga yo'naltiriladi.
Qayd etilishicha, "Magenta Apparel Group" kompaniyasi rahbari tomonidan hozirda O'zbekistonda mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlarini o'rganish maqsadida 5 ming dona tayyor tekstil mahsulotlariga mahalliy korxonaga buyurtma berilgan. Ushbu mahsulotlar eksporti imkoniyatlarini keng o'rganib chiqish maqsadida Janubiy Koreya bozoriga sotilishi ko'zda tutilgan.
Belgilangan rejalarni amalga oshirish, jumladan yuridik maqomga ega bo'lish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida Janubiy Koreya kompaniyasi rahbarining yaqin kunlarda O'zbekistonga safari amalga oshirilishi kutilmoqda.
Muloqot davomida, shuningdek, Janubiy Koreya kompaniyasi vakiliga O'zbekistonda mavjud sarmoyaviy muhit, jumladan tekstil sohasida xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar to'g'risida batafsil ma'lumotlar taqdim etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122222 | Инструменты