Huawei 1
O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston yashil energiya bo‘yicha hamkorlik qiladi

Ozarbayjon Milliy Majlisi yig‘ilishida “Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yashil energiyani rivojlantirish va uzatish bo‘yicha strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilindi. 

O‘tgan yil noyabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasi 29-sessiyasi (COP29) doirasida uch davlat rahbarlari tomonidan imzolangan mazkur hujjat energetika sohasidagi hamkorlikning yangi strategik asoslarini aniqlash maqsadida tayyorlangan.

– Ushbu bitim yashil va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, energiya xavfsizligini taʼminlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga hissa qo‘shish yo‘lidagi muhim qadamdir, – deyilgan Ozarbayjonning yetakchi axborot agentligi xabarida.

Shartnomaning yana bir asosiy maqsadi Parij iqlim kelishuvida nazarda tutilgan issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish maqsadiga muvofiq, yashil energiyani rivojlantirishga ko‘maklashishdir.

– Loyiha kuchga kirsa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz energetika tizimi integratsiyasini kuchaytirish orqali qayta tiklanadigan energiyani Yevropa va boshqa mintaqalar bozoriga yo‘naltirish imkoniyati kengayadi, – deya fikrini davom ettiradi maqola muallifi.

Tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida asosiy ijrochilar – “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Azerenerji” OAJ va “Qozog‘iston elektr tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi” AJ ishtirokida “Yashil yo‘lak birlashmasi” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Ushbu jamoa texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash va loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq zarur ishlarni bajaradi.

Cheksiz muddatga tuzilgan shartnoma tomonlar o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik orqali barqaror rivojlanish maqsadlarini yana-da samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

Darvoqe, “AzerTAJ” O‘zbekistonning geostrategik joylashuvi bunday qo‘shma loyihalar uchun qulay imkoniyat yaratishiga alohida eʼtibor qaratgan.

Muhokamalardan so‘ng Milliy Majlis tomonidan qonun loyihasi tasdiqlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20519 | Инструменты