"O‘zGASHKLITI"ning davlat ulushi 133,7 mlrd so‘mga sotildi

Davaktiv agentligi Davlat tender komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq Qurilish, geoinformatika va shaharsozlik kadastri davlat loyiha-qidiruv ilmiy-tadqiqot institutining ("O‘zGASHKLITI") 100 foiz davlat ulushi 133,7 milliard so‘mga sotildi.

Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi "Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq xususiylashtirilishi belgilangan "O‘zGASHKLITI" MCHJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish "UzAssets investisiya kompaniyasi" AJ tomonidan jalb qilinadigan konsultant tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu xususiylashtirish jarayonlarini eng yaxshi xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun tanlov asosida "Grant Thornton" xalqaro konsalting kompaniyasi jalb etilgan va "Dentons" xalqaro yuridik firmasi tomonidan huquqiy hamrohlik qilingan.

Konsultant tavsiyasiga asosan, shuningdek "SG Engineering And Development" MCHJ tomonidan taklif etilgan narx taklifi boshqa talabgorning narx taklifidan hamda mustaqil baholash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan baholash hisobotidagi jamiyatning tavsiyaviy bozor qiymatidan yuqoriligini inobatga olib Davlat tender kommissiyasining tegishli yig‘ilish bayoni qarori bilan ushbu talabgorning taklifi eng yaxshi taklif sifatida qayd etilgan va savdo g‘olibi deb topilgan.

Ma’lumot uchun, "O‘zGASHKLITI" DUK 1963-yilda tashkil etilgan va o‘z faoliyatini O‘zbekiston davlat muhandislik-texnik tadqiqotlar instituti sifatida boshlagan. Keyinchalik investorlarga sotish maqsadida 2021-yil avgust oyida mas’uliyati cheklangan jamiyat sifatida qayta tashkil etilgan.

Maydoni 0,21 gektar. Bino va inshootlarning maydoni 5 079 kvadrat metrni tashkil etadi. Xodimlarning umumiy soni 738 kishi. 2020-yil davomida "O‘zGASHKLITI" DUK tomonidan 104,1 milliard so‘mlik ishlar bajarilib, 4,6 milliard so‘m sof foyda olingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52721 | Инструменты