Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kuni neft-gaz sohasida xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan Ustyurtdagi konlarda qidiruv o‘tkazib, neft qazib olish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Birgalikda istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Shuningdek, boshqa xorijiy davlatlar bilan murakkab konlarni o‘zlashtirish, sohani raqamlashtirish, talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik qilinyapti.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar buning uchun yetarli energiya ishlab chiqarish, gaz omborlarida jamg‘arish va muvozanatli yetkazib berish choralari ko‘rilayotgani to‘g‘risida axborot berdi.
Xususan, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida 1 ming 65 megavattli ikkita bug‘-gaz qurilmasi, Sirdaryoda 1 ming 573 megavattli issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning jami quvvati yiliga 20 milliard kilovatt-soat bo‘ladi.
Shuningdek, bu yil Toshkent, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida jami 162 megavattli yangi gidro elektr stansiyalar ishga tushiriladi. Ularda yiliga 648 million kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov intervyusida SOCAR bilan imzolanadigan tegishli hujjatlarni tayyorlash yakuniy bosqichga chiqayotganini aytib o‘tdi. Xususan, mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim joriy hafta oxiriga qadar imzolanishi rejalashtirilgan.
«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi rahbari Bahodir Sidiqovning qo‘shimcha qilishicha, mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim loyihasi allaqachon ishlab chiqilgan, asosiy shartlar SOCAR bilan kelishilgan va prezidentga taqdim etilgan.
Ma’lumot uchun, SOCAR Ozarboyjon davlat neft-gaz kompaniyasi bo‘lib, 1992-yilda tashkil etilgan. Kompaniya neft va gaz qidirish, qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish bilan shug‘ullanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82709 | Инструменты