2027 yilgi Davlat byudjeti muhokamasida ta’lim va sog‘liqni saqlash xarajatlarini oshirish taklif etildi. Undan tashqari, hududlarni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish uchun qo‘shimcha 70 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan.
Prezident 2027 yil uchun Davlat byudjetining maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar va byudjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish bo‘yicha yig‘ilish o'tkazdi.
Ma'lum qilinishicha, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlarni moliyalashtirish uchun jami qariyb 176 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. Xususan, ta’lim sohasiga 114,3 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 14 trln so‘mga ko‘p. Sog‘liqni saqlash sohasiga esa 61,4 trln so‘m yo‘naltiriladi, bu avvalgi yilga nisbatan 12 trln so‘mga ortiq.
Bundan tashqari, hududlar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish uchun 70 trln so‘m ajratish nazarda tutilgan.
Ijtimoiy majburiyatlarni barqaror moliyalashtirish uchun mavjud zaxiralar va yangi texnologik omillardan foydalanish orqali iqtisodiyotning yillik o‘sishini kamida 7 foiz darajasida ta’minlash zarurligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan kelgusi yildan iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tish, har bir tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish asosiy vazifalar etib belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111415 | Инструменты