Huawei 1
O'zbekiston va Singapur yarimo'tkazgichlar sanoatini rivojlantirish sohasida hamkorlik qiladi

O'zbekiston elchixonasi ko'magida "O'zeltexsanoat" uyushmasi vakillarining 20-22-may kunlari Singapurda bo'lib o'tgan "SEMICON Southeast Asia 2025" (SEA) xalqaro ko'rgazmasida ishtiroki uyushtirildi. 

Ko'rgazmada uyushma vakillari jahon iqtisodiyotining eng ilg'or sohalaridan biri bo'lgan mikroelektronika hamda yarimo'tkazgichlar sanoatida mavjud yangi texnologiyalar va ishlanmalar bilan tanishdilar.

Tadbir doirasida "O'zeltexsanoat" uyushmasi, Singapurning Yarimo'tkazgichlar sanoati uyushmasi va Mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro manfaatli texnologik hamkorlikni yana-da kengaytirishga xizmat qiladi. Xususan, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish, qo'shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, innovatsion o'quv dasturlari va texnologik yechimlar bo'yicha tajriba almashinuvi kabi ustuvor yo'nalishlarni o'z ichiga qamrab oladi. Shuningdek, memorandum doirasidagi tashabbuslar O'zbekistonda yarimo'tkazgichlar sanoatini rivojlantirish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishda muhim o'rin tutadi.

"O'zeltexsanoat" uyushmasi ushbu strategik sohada zamonaviy infratuzilma, xalqaro hamkorlik va inson kapitaliga asoslangan milliy texnoekotizimni shakllantirishga intilmoqda.

Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur hamkorlikning aynan Singapur kabi yetakchi innovatsiya markazi bilan yo'lga qo'yilgani O'zbekistonning ushbu sohada xalqaro standartlarga mos va barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72801 | Инструменты