Prezident Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshchiligida Markaziy Osiyoda “yashil” energiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirishni taklif qildi.
“Biz kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sig‘imlari hamda 5 milliard dollarlik elektr tarmoqlarini ishga tushiramiz.
Mazkur loyihalar orqali yirik “yashil” maʼlumotlar markazlarini ham yaratmoqchimiz. Bu – barcha xalqaro moliya tashkilotlari uchun ham jozibador loyiha bo‘ladi, deb hisoblayman.
Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga 100 million dollarlik “yashil” sertifikatlar bozori shakllanib, bu xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishiga ishonaman.
Qo‘shni mamlakatlar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta loyihalarni boshlaganini qayd etish lozim. Kelgusi yillarda qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga “yashil” energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Bu borada Transkaspiy elektr tarmog‘ini barpo etish loyihasi katta salohiyatga ega ekanini alohida taʼkidlamoqchiman”, - dedi davlat rahbari.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda. Hozirda amalga oshirish boshlangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa o‘tkir tus olmoqda.
“O‘zbekiston bu borada o‘z strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash bo‘yicha katta loyihalarni boshlagan. Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi.
Shu bois, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqchiman. O‘ylaymanki, qo‘shnilarimiz ham bu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaydi”, - dedi Prezident.
Alpha version: 0.9.1.19 build 123022 | Инструменты