«Rosatom» O‘zbekistonda Rossiya loyihasi bo‘yicha qurilayotgan kichik atom elektr stansiyasining (AES) birinchi bloki uchun reaktor uskunalarini ishlab chiqarishni boshladi.
«Bugungi kunda «Rosatom» O‘zbekistondagi kam quvvatli atom elektr stansiyasining birinchi bloki uchun reaktor uskunalarini ishlab chiqarishni boshladi», deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, korporatsiyaning Sankt-Peterburgdagi zavodi RITM-200N reaktor bloki uchun og‘irligi 205 tonna bo‘lgan birinchi quymani quygan.
«Po‘lat quyish - bu yadro reaktorini yaratish jarayonining boshlanishi», deb qo‘shimcha qildi «Rosatom».
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2024 yil 27 mayda imzolangan shartnoma asosida, Jizzax tumanida umumiy quvvati 330 MW bo‘lgan, har biri 55 MW quvvatga ega 6 ta reaktordan iborat kam quvvatli AES qurilishi ko‘zda tutilgan.
Stansiya asosini hozirgacha muzyorar kemalarda qo‘llab kelingan RITM-200 suv-suvli yadro reaktorlarining quruqlikda ishlashga moslashtirilgan RITM-200N versiyasi tashkil etadi. Ammo hozirgacha bu texnologiya quruqlikda ishlatilmagan. Loyiha qiymati 2 mlrd dollardan oshmasligi, xarajatlar asosan tashqi qarzlar hisobiga bo‘lishi ma’lum qilingan.
«O‘zatom» o‘tgan yilgi bayonotida AES birinchi reaktorini ishga tushirish 5 yildan keyinga rejalashtirilganini bildirgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51400 | Инструменты