Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Afgʻoniston biznes-forumi bo'lib o'tdi

3-iyul kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy boshchiligida Afgʻoniston delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Afgʻoniston biznes-forumida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 1000 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot o'rnida, Afg‘oniston O‘zbekiston uchun beshinchi yirik eksport bozori hisoblanadi. Oxirgi besh yilda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir yarim barobar oshib, 2023-yilda 866 million dollarga yetdi. Bugungi kunda O'zbekistonda afg‘on sarmoyasi ishtirokidagi 550 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 443 tasi 100 foiz afg‘on kapitali ishtirokida. Oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm, to‘qimachilik kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Laziz Kudratov biznes-forum ishtirokchilariga qutlov so‘zi bilan murojaat qilar ekan, hamkorlikni rivojlantirishning bir qator istiqbolli va dolzarb yo‘nalishlarini qayd etdi. Shu jumladan, ikki davlatning tegishli idoralari va tarmoq birlashmalari ko‘magida o‘zaro savdo tarkibidagi tovarlar ro‘yhatini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni oshirish masalalari tilga olindi.

Ikki tomonlama savdoni kengaytirish hamda mintaqa mamlakatlariga mahsulot yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida davlat chegara punktlarining 24 soatlik ish rejimiga o‘tishi, savdo uylarini tashkil etish, yirik transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish kabi chora-tadbirlar ko‘rilayotganligi alohida ta’kidlandi.

Tadbirkorlar uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan, jumladan, 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan va soliqdan to‘liq xoli hudud maqomiga ega Termiz xalqaro savdo markazida ishlarni yanada faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Ikki tomonlama munosabatlar rivojining hozirgi bosqichida tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi qo‘shma tadbirlar va tashriflar sonini ko‘paytirish chora-tadbirlari dolzarbligi ta’kidlandi. Shu o‘rinda, yangi shartnoma va bitimlar tuzish, o‘zaro biznes-forum, ko‘rgazma va B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻz navbatida, Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy Afgʻoniston delegatsiyasining tashrifi dasturiga kiritilgan tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi va Oʻzbekistonning ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Shu bilan birga, ma’ruzachi afg‘on va o‘zbek tadbirkorlarni yanada faol hamkorlikka chaqirib, ikkala tomon ham yangi loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga o‘zaro tayyor ekaniga ishontirdi.

Tadbir doirasida delegatsiyalar Afg‘onistonning zargarlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati, transport va logistika sohalarida faoliyat yuritayotgan 75 ta yirik kompaniyasi mahsulotlari namoyish etilgan “Made in Afghanistan” sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.

Ko‘rgazma doirasida “B2B” va “G2B” muzokaralari tashkil etildi, unda tadbirkorlar yangi foydali aloqalar o‘rnatdilar hamda qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarining texnik jihatlarini muhokama qilishdi.

Forum yakunlari bo‘yicha kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasida qator savdo shartnomalari hamda logistika markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70703 | Инструменты