Bugun, 28-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Koreya Energetika agentligi hamkorligida “Energiya resurslarining ahamiyati bo‘yicha hamkorlik forumi” (Energy Value Networks Forum) bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum 2021-yilda ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan “Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha hamkorlik” Memorandumi doirasida Toshkent shahridagi Adju universiteti tomonidan tashkil etildi.
Forum doirasida Energetika vazirligi mutaxassislari tomonidan yurtimizda energetika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi ilg‘or texnologiyalar va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Forum doirasida Janubiy Koreyaning Toshkentdagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon va Koreya Energiya samaradorligi agentligi rahbari hamda Koreya iqlim o‘zgarishini o‘rganish instituti prezidenti Yon Von Shin ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Shuningdek, forumda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik, yashil investitsiyalar, barqaror rivojlanish va ilmiy-tadqiqot aloqalarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda 200 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, Koreyaning yetakchi kompaniyalari, xalqaro tashkilotlar va ilmiy doira vakillari qatnashdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53002 | Инструменты