Huawei 1
Xitoyda O'zbekiston turizm yiliga start berildi

Pekin shahrida "Xitoyda O'zbekiston turizm yili"ning rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi

Tadbir mamlakatimiz elchixonasi, O'zbekiston Turizm qo'mitasi, Xitoy madaniyat va turizm vazirligi hamda Xalqaro turizm tashkiloti (UNWTO) hamkorligida tashkil etildi.

Tantanali marosimda Xitoyning turli vazirlik va idoralari, yirik sayyohlik kompaniyalari, madaniyat tashkilotlari, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar so'nggi yillarda O'zbekistonda sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy turistlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, mamlakatimizning turizm salohiyati va imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot olishdi.

Xitoy madaniyat va turizm vaziri o'rinbosari Lu Inchuan O'zbekiston Xitoy fuqarolari uchun jozibali sayyohlik maskaniga aylanib borayotganini ta'kidladi.

UNWTO bosh kotibi Zurab Polikashvili o'z nutqida, O'zbekiston yuksak turizm salohiyatiga ega mamlakat ekanligini alohida qayd etib, UNWTO sayyohlik sohasida O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlikni faol davom ettirishini qayd etdi.

Tadbir davomida, shuningdek, turizm va investitsiyalar bo'yicha biznes-forum, taqdimotlar va "B2B" uchrashuvlari o'tkazildi.

Mehmonlar e'tiboriga O'zbekiston san'at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga milliy taomlar ulashildi.

"Xitoyda O'zbekiston turizm yili" doirasida Pekin, Shanxay, Guanchjou, Xanchjou, Sian, Tyanszin, Shenchjen, Chendu va boshqa ko'plab shaharlarda turli madaniy, turistik va iqtisodiy tadbirlar, mediaturlar, sayyohlik kompaniyalari tashriflari, Xitoy ommaviy axborot vositalarida turkum maqola va ko'rsatuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120423 | Инструменты