Iyul oyida birja orqali 184 ming tonnadan ziyod bug‘doy sotildi
2022-yil iyulda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining ochiq birja savdolari 184,6 ming tonna g‘alla mahsuloti sotildi.
“O‘zRTXB” AJ axborot xizmatining xabariga ko'ra, o‘tgan davrda birjaning bug‘doy bozorida barqaror holat shakllandi. Xususan, o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra bug‘doyning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 3,5 mln so‘mni tashkil qildi. Birjada bug‘doy bo‘yicha shakllangan kotirovka uning boshlang‘ich narxiga nisbatan 4% ga o‘sdi.
Birja savdolari orqali sotilayotgan bug‘doy mahsulotini hududlar kesimida mutanosib taqsimlanish shakllandi. Bug‘doyni xarid qilishda nisbatan yetakchilik qilgan hududlarga Qashqadaryo va Andijon viloyatlari (15% dan), Samarqand (11%), Namangan (9%), Farg‘ona va Surxondaryo (8% dan) viloyatlari kirdi. Respublikamizning boshqa hududlarining ulushlari esa 2-7% diapazonda saqlanmoqda.
Bug‘doy bo‘yicha ochiq birja savdolari bozor tamoyillari asosida davom ettirilmoqda.
Avvalroq, 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida g‘alla mahsulotini ochiq birja savdolariga qo‘yish boshlangani haqida xabar bergan edik. Savdolarning ilk kuni fermer va klasterlar tomonidan 16 395 tonna g‘alla ochiq birja savdolariga qo‘yilib, undan 8 007 tonna qismi, ya’ni 48,8% hajmi sotilgandi. O‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra, bug‘doyning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 3,2 mln so‘mni tashkil qilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103011 | Инструменты