Huawei 1
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgiladi

Bazaviy inflyatsiyaning pasayishi va inflyatsion kutilmalar dinamikasi energiya tariflari oshirilishining inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsiri kutilganidan past bo‘layotganligini ko‘rsatib, yil yakunida inflyatsiya prognoz koridorining quyi chegaralarida shakllanishi bo‘yicha ishonchni oshirmoqda.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari ishlab chiqarishning ijobiy tafovutini qisqarib borishiga va talab tomondan inflyatsion bosimning pasayishiga xizmat qilmoqda.

Inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,6 foiz darajasida shakllanib, inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi ham import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi taʼsir ko‘rsatishda davom etmoqda.

Shuningdek, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pasayishi hamda almashuv kursi barqarorligi aholining inflyatsion kutilmalariga ijobiy taʼsir ko‘rsatib, iyun oyida sezilarli pasayishiga olib keldi. Bu esa, kutilmalar tomonidan inflyatsiyaga bosimlarni pasayib borishiga sharoit yaratadi.

Bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng bo‘ldi va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaydi. Bu energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi taʼsiri kutilganidan past bo‘lganligi bilan izohlanib, inflyatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora bermoqda.

Joriy yildagi bazaviy inflyatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar taʼsirining kutilganidan pastroq bo‘lishi hisobiga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi va 2025 yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.

2024 yilning II choragida iqtisodiy o‘sish tezlashishda davom etib, I yarim yillikda iqtisodiyot real hisobda 6,4 foizga o‘sdi. Sanoat, qurilish va xizmatlar sohalaridagi yuqori faollik iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yuqori investitsion faollik, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va xususiy kapital qo‘yilmalari yalpi investitsion talabni oshishida muhim omillardan bo‘lmoqda.

Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati bo‘yicha indekslarda so‘nggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilgan bo‘lsada, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.

Yilning II yarmida ham yuqori investitsion va ishlab chiqarish faolligining saqlanib qolishi fonida yil yakuni bo‘yicha real YAIM o‘sishi prognozi 5,7-6,2 foizgacha oshirildi.

Aholi va tadbirkorlik subyektlari xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar taʼsirida yalpi isteʼmol talabining maʼlum maʼnoda maqbullashishi prognoz qilinmoqda.

Iqtisodiyotda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolayotganligi yalpi talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatni taʼminlashga xizmat qiladi. Natijada, bugungi kunda shakllangan 0,5-0,6 foizlik YAIM ijobiy tafovutining yil yakuniga qadar yopilishi va inflyatsiyaga oshiruvchi taʼsiri pasayishi kutilmoqda.

Asosiy savdo hamkorlardagi yuqori iqtisodiy o‘sish surʼatlari hamda jahon narxlarining qulay konyunkturasi sharoitida eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmlarining dastlabki prognozlarga nisbatan yuqori surʼatlarda o‘sishi taxmin qilinmoqda.

Joriy yilning II choragida iqtisodiyotga turli kanallar orqali valyuta oqimining sezilarli oshishi kuzatilib, so‘m almashuv kursining barqarorlashishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi.

Bank tizimi umumiy likvidligi, jamg‘armalar va kreditlar hajmi dinamikasi nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, so‘mda jamg‘arish jozibadorligini oshirib, aholi omonatlarida yuqori o‘sish surʼatlarini taʼminlab boradi.

Shu bilan birga, yil yakuniga qadar inflyatsion kutilmalarning joriy dinamikasi davom etishi bo‘yicha ayrim noaniqliklar hamda xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yuqoriligi bilan bog‘liq inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar ham saqlanib qolmoqda.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda, asosiy stavka bo‘yicha kelgusi qarorlar inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha kelgusi davr maʼlumotlari asosida qabul qilinadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 12-sentyabrga belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122701 | Инструменты