Huawei 1
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida qoldirdi

Iqtisodiyotdagi yuqori isteʼmol va investitsion faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi o‘zgarishlar taʼsirida inflyatsiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda.

Inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi va o‘rta muddatda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishishini taʼminlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy darajada saqlab qolish lozim bo‘ladi.

Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va inflyatsiya omillari bo‘yicha kutilmalardan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2024 yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,5 foizni tashkil etib, III chorak davomida o‘zgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyatsiya dinamikasi yuqori isteʼmol talabi, yoqilg‘i resurslari narxi va tariflarini erkinlashtirilishini xizmatlar narxlariga o‘tishi hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi taʼsirida sentyabr oyida yillik 7,1 foiz doirasida shakllandi.

Meva va sabzavotlar o‘rtacha narxlarida pasayish dinamikasi davom etib, umumiy inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan bo‘lmoqda. Oktyabr oyidagi haftalik kuzatuvlar isteʼmol tovarlari narxlarining nisbatan barqaror bo‘lganligini va oylik o‘zgarish o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan past shakllanishini ko‘rsatmoqda.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari hamda inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasi o‘rtasidagi tafovut yuqoriligicha qolmoqda. Sentyabrda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 13,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 12,6 foizni tashkil etdi.

Joriy yilning so‘nggi choragida nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari taʼsirida inflyatsion jarayonlarning maʼlum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyatsiyaning
9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

2024 yil yanvar-sentyabr oylarida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish dinamikasi hisobiga yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,6 foizni tashkil etdi. Investitsion faollikning yuqoriligi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘lmoqda.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilga nisbatan yuqori surʼatlarda o‘sishi aholi daromadlarining oshishiga hissa qo‘shmoqda. Iqtisodiyotda o‘rtacha ish haqi va real daromadlarning o‘sib borishi isteʼmol faolligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, xizmatlar va chakana savdo sohalaridagi yuqori o‘sish surʼatlari kuchli isteʼmol talabi shakllanayotgani bilan izohlanadi.

Iqtisodiy rivojlanishning ushbu tendensiyalaridan kelib chiqib, 2024 yilda YAIMning real o‘sishi 6,0-6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Pul bozori foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi iqtisodiyotda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari saqlanayotganligini aks ettirmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arish faolligini oshirishda davom etmoqda. Kredit qo‘yilmalari o‘sishining moʻtadillashuvi va omonatlardagi yuqori o‘sish surʼatlari yalpi talabni muvozanatlashtirish va inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini pasaytirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli taʼminoti va narxining qisqa muddatli o‘zgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalarini saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga chiqishi mumkin.

Har qanday sharoitda ham Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etib, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar surʼatlariga alohida eʼtibor qaratadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 12 dekabrga belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10222 | Инструменты