Markaziy bank: Inflyatsiya darajasi yillik hisobda 10,5 foizgacha oshdi va ikki xonali son darajasiga qaytdi
Markaziy bankning xabar berishicha, joriy yilning mart oyida inflyatsiya darajasi 1,5 foizni tashkil etib, yillik hisobda 10,5 foizgacha oshdi va ikki xonali son darajasiga qaytdi. Bazaviy inflyatsiya ko'rsatkichi yillik 9,1 foizda shakllanib, uning umumiy inflyatsiyadagi hissasi 6,9 foiz bandgacha oshdi.
Narxlarning o'suvchi dinamikasi, asosan, import inflyatsiyasi, tashqi bozorlarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining o'sishi bo'yicha kutilmalar va an'anaviy mavsumiy omillar bilan izohlanadi.
Aprel oyida narxlarning ma'lum darajada muvozanatlashuvi kuzatilayotgan bo'lib, Markaziy bankning haftalik kuzatuvlari natijalariga ko'ra, aprelning dastlabki 20 kunida ayrim asosiy iste'mol tovarlari bo'yicha narxlarning pasayishi va muvozanatlashishi kuzatildi.
Ikkinchi chorakda narxlar dinamikasida mavsumiy omillar hisobiga meva va sabzavotlar guruhining hissasi pasaytiruvchi bo'lishi, tashqi omillar va tarkibiy o'zgarishlar ta'sirida nooziq-ovqat tovarlari guruhining oshiruvchi hissasining kuchayib borishi kutilmoqda.
2022 yil mart oyi so'rovlari natijalariga ko'ra, aholining inflyatsion kutilmalari 15 foizni, tadbirkorlarniki – 15,4 foizni tashkil etdi. Valyuta almashuv kursining nisbatan muvozanatlashuvi va tarkibiy islohotlar ta'sirida kelgusida kutilmalarning pasayib borishi taxmin qilinmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60604 | Инструменты