2022-yilning 1-oktabr holatiga ko'ra, davlat qarzi 26,2 mlrd dollarni tashkil etgan.. Bu haqda Moliya vazirligining "O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi"da ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, davlat tashqi qarzi — 23,16 mlrd dollar, davlat ichki qarzi — 3,07 mlrd dollar yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 34,1 foizni tashkil etgan.

Xususan, davlat qarzining YAIMga nisbati 2021-yil boshida 39% dan 2022-yilning 1-oktabrida 34,1% gacha pasaydi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzi bugungi kunda "mo‘tadil" darajada hisoblanadi.

Davlat ichki qarzi

Ichki qarz 2022-yilning dastlabki 9 oyida 336,2 mln dollarga ko‘payib, 1-oktabrda 3,1 mlrd dollarni tashkil etdi. 

Shundan:

Davlat qimmatli qog‘ozlari — 9,3 trln so‘m, davlat kafolatlagan va ichki majburiyatlar bo‘yicha davlat budjetidan qaytariladigan qarz — 2,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

Davlat tashqi qarzi

Tashqi qarzi qoldig‘i 2022-yilning 9 oyi davomida 410,9 mln dollarga kamayib, 1-oktabr holatiga ko'ra, 23,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

Shundan:

O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan tashqi qarz — 17 mlrd dollarni yoki davlat tashqi qarzining 73,4% ni, davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz — 6,2 mlrd dollarni yoki davlat tashqi qarzining 26,6% ni tashkil etdi.

Joriy yil III choragi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 6,6 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab- quvvatlashga, 2,9 mlrd dollari energetika sanoatiga, 2,7 mlrd dollari elektr energetika sanoatiga, 2,4 mlrd dollari transport va transport infratuzilmasiga, 2,5 mlrd AQSh dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 2,2 mlrd dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi

O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy institutlardan (XMI) jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 11,3 mlrd dollarni yoki davlat tashqi qarzining 48,7 foizini tashkil etgan. Mazkur kreditlar uzoq muddat hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan.

O‘zbekistonning asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, asosan turli investitsion dasturlarni davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag‘lari jalb etilgan.

Kreditorlar oldidagi qarzdorlik bo‘yicha xarajatlar davlat korxonalari tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish natijasida tushgan mablag‘lar hisobidan so‘ndiriladi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40516 | Инструменты