O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning SSKA klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev o‘yinda golga sabab bo‘lgan xatosi uchun uzr so‘radi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida yozdi.
Kecha, 19 may kuni Rossiya premer-ligasining 29-turi doirasida SSKA va “Lokomotiv” Moskva derbisida durang o‘ynadi. “Temiryo‘lchilar” stadionida o‘tgan bahs 2:2 hisobida yakunlandi.
“Lokomotiv” safida dubl muallifi Dmitriy Vorobev bo‘ldi – u 10 va 25-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Aynan ikkinchi gol 21-daqiqada o‘yinga zaxiradan qo‘shilgan Abbosbek Fayzullayevning xatosi bilan kiritildi. U jamoadoshiga noto‘g‘ri uzatmani amalga oshirishi tufayli to‘pni Vorobev egallab oldi va darvozani ishg‘ol qildi.
“Ikkinchi gol paytida yo‘l qo‘ygan xatoim uchun barcha muxlislardan uzr so‘rayman. To‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olaman va keyingi o‘yinlarda jamoaga yordam berishga harakat qilaman”, deb yozdi Fayzullayev Instagram sahifasida.
Biroq o‘yinda SSKA kambek amalga oshirib hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi va yakunda jamoalar 1 ochkodan bo‘lishib oldi.
Ma’lumot uchun, SSKA hozirda 56 ochko bilan turnir jadvalida “Dinamo”ni qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa qaytdi. “Lokomotiv” hisobida esa 50 ochko mavjud va jamoa turnir jadvalida oltinchi o‘rinda bormoqda.
Yakuniy 30-turda SSKA o‘z maydonida “Pari NN”ni qabul qiladi, “Lokomotiv” esa safarda “Akron” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Har ikki uchrashuv 24 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52106 | Инструменты