Anridan tortib Messigacha: “Barselona”ning XXI asrdagi eng yaxshi hujumchilari top o’ntaligi

XXI asrda dunyo futboli avvalgilariga qaraganda taktik sxemalari, individual mahoratga ega futbolchilari va tezkorligi bilan farq qilishi barchamizga ma’lum. Yangi asrning hali chorak qismi ham yakunlanmaganiga qaramay, unda eslashga yetarlicha voqealar, yulduzli nomlar, dramatik uchrashuvlar soni yetarlicha. Bunday voqealarning yaratilishida esa dastlabki 2 o’n yillikda dunyo futbolini ikkiga ajratib qo’ygan “Real Madrid” va “Barselona”ning hissasi o’ta yuqori. Bu ikki jamoa o’zining tengsiz o’yini, o’ziga xos shiddatli raqobati hamda yulduzlari bilan doim butun dunyo futbol muxlislarini lol qilib kelishgan. Albatta, bunda tarix yozilishida katta ahamiyat kasb etadigan hujumchilarning roli o’ta yuqori. Bugun biz siz bilan “Barselona”ning ana shunday tarix yoza olishida muhim ahamiyatga ega bo’lgan, XXI asrdagi eng kuchli hujumchilari reytingini tuzib chiqamiz. Bu muddat davomida Kataloniya klubi 50 dan ortiq hujum vakillarini o’z safida maydonga tushirgan bo’lishiga qaramay, biz ularning eng kuchli 10 tasini ajratib olamiz. Fikrimizcha, bu jarayon sizga qiziq bo’lishi aniq. Demak, boshladik!

10-o’rin: Patrik Klyuvert
“Barselona”dagi faoliyati: 1998-2004
O’yinlar soni: 257 o'yin
Gollar soni: 122 gol

Klyuvertning Kataloniyadagi faoliyatini jamoa muxlislari xursand holda eslashmaydi. Sababi, uning son-sanoqsiz gollari, ajoyib o’yinlari tizimning, sobiq prezident Gasparning bema’ni ishlari fonida ko’rinmay qolib ketgan. U “Barsa”ga kelgach, birinchi mavsumda jamoa La Ligani yutganiga qaramay, keyingi mavsumlarda jamoa deyarli hech qanday sovrinlar qo’lga kirita olmaydi. Faqatgina bir necha yildan so’ng, klub tizimiga Blau hamda Raykard singari mutaxassislar kelganidan keyin jamoada holat o’zgaradi. Biroq unda Patrik yaxshi sport formasida bo’lmay, Samuel Eto’oga raqobatda yutqazadi va oxir-oqibat klubni tark etadi.

9-o’rin: Tyerri Anri
“Barselona”dagi faoliyati: 2007-2010
O’yinlar soni: 121 o'yin
Gollar soni: 49 gol

8 yil davomida Londonning “Arsenal” jamoasi sharafini himoya qilib kelgan Anri 2007-yilda Chempionlar Ligasida zafar quchish maqsadida o’z klubini “Barselona”ga o’zgartiradi. Fransiyalik futbol sehrgari bu maqsadiga klubdagi 2-mavsumidayoq erishibgina qolmay, jamoa muxlislarining qalbidan o’rin oladi. Unga bir qancha jarohatlar xavf solganiga qaramay, Anri o’zining unutilmas o’yinlarini ko’rsatishda davom etaveradi. Anrining harakatlarini eslaganda muxlislar aniqlik, tezlik va mahoratning qoyilmaqom birlashuvini tasavvur qilishadi. Ha, Anridek mahoratli futbolchilar tarixda kam uchraydi, shu sababli ularning o’yinlari doim yaxshi hislar bilan xotirlanadi. Shuningdek, u “Barsa”ning tarixdagi ilk treblini qo’lga kiritishida ham muhim ahamiyat kasb etgani bois reytingning ushbu qismidan o’rin oldi.

8-o’rin: Rivaldo
“Barselona”dagi faoliyati: 1997-2002
O’yinlar soni: 235 o'yin
Gollar soni: 130 gol

Braziliyalik futbol afsonasi, “Oltin to’p” sohibi Rivaldoni ushbu ro’yxatimizga kiritmay ilojimiz yo’q edi. Futbolchi mo’jizaviy o’yini bilan “Kamp Nou”ga yig’ilgan barcha muxlislarning qalbidan joy olgan, raqib himoyachilarining haqiqiy qo’rqinchli tushiga aylangan edi. Uzun bo’yli, ozg’in ushbu futbolchi Kataloniyadagi dastlabki 2 mavsumida La Liga kubogini qo’lga kiritgan, biroq keyingi yillarda jamoadagi inqiroz tufayli uni tark etishga majbur bo’lgan edi. Shunday bo’lsa ham muxlislar uning chiroyli gollari va finallardagi qahramonliklarini unutishmaydi. U jamoa tarixida o’chmas iz qoldirgan futbolchilardan biri.

7-o’rin: Neymar
“Barselona”dagi faoliyati: 2013-2017
O’yinlar soni: 186 o'yin
Gollar soni: 105 gol

Dunyo tarixida eng qimmat narxga transfer qilingan braziliyalik Neymar “Barselona”ni tark etguniga qadar ajoyib o’yinlari, ko’zni qamashtiruvchi driblingi, yashinday tezkorligi bilan butun dunyo muxlislari tomonidan olqishlanganiga qaramay, PSJda u bu jarayonni avvalgidek davom ettira olmadi. Katalon klubida 4 yil davomida asosiy tarkibdagi o’rnini hech kimga bermay kelgan, PSJ ga qarshi 6:1 hisobidagi kambekning asosiy me’mori bo’lgan va aqlbovar qilmas harakatlari bilan Ronaldinyoni eslatib yuborgan bu futbolchi baribir klub tarixida muhim ahamiyatga ega. Futbol tarixidagi eng kuchli hujum triolaridan biri bo’lmish MSN (Messi-Suares-Neymar) ning bir qismi bo’la olgani ham katta ahamiyatga ega. U qisqa muddat bo’lsada butun dunyo futbol muxlislarini o’ziga qarata olgani, Messi va Ronaldudan keyin jahon futbolining eng yaxshi o’yinchisi bo’lishi taxmin qilingani bilan shu nomga loyiq. Hozircha esa, biz unga 7-o’rinni beramiz.

6-o’rin: Pedro
“Barselona”dagi faoliyati: 2007-2016
O’yinlar soni: 321 o'yin
Gollar soni: 99 gol

Ha, hayron qolishingiz tabiiy, Pedro hech qachon eng zo’r futbolchi bo’lmaganku, deb. Fakt shundaki, maydonda eng zo’rlar qatorida bo’lmasa ham, Pedro o’zining mas’uliyati, axloqi hamda jamoadagi o’rni miqyosida tengi yo’qlardan biri bo’lgan. Eng ahamiyatli jihati esa, u “Barselona” tarixidagi har ikkala treblda ham ishtirok etgan, Gvardiola davrida jamoada muhim o’ringa ega bo’lgan. To’g’ri, u MSN davrida zaxiraga mixlanib qolib, o’yini ko’rinmagan bo’lishi mumkin. Lekin baribir kiyinish xonasida uning roli yuqori bo’lgan. Klubdagi 9 muvaffaqiyatli mavsumi uchun Pedro aynan ushbu o’ringa munosib, deb hisobladik.

5-o’rin: David Vilya
“Barselona”dagi faoliyati: 2010-2013
O’yinlar soni: 119 o'yin
Gollar soni: 48 gol

Ispaniyalik goleador, 2010-yilgi JChdagi chempionlikdan so’ng yulduzga aylangan, jamoaviy o’yinlarda fidokor va mahoratli hujumchi David Vilya reytingimizning 5-o’rinidan joy oldi. Raqobatda Zlatan Ibragimovichni ortda qoldirib, asosiy tarkibdan o’rin egallagan, himoyaviy futbolda ham, hujumkor taktikada ham birday kuchli o’ynay oladigan ushbu hujumchi Pep Gvardiola davrida yaxshi o’yin ko’rsatgan. 2011-yilda ajoyib hujumchining oyog’i singach, u uchun qiyin davrlar boshlanadi. Ko’plab muxlislar aynan Vilya o’zining o’sha yuqori formasida bo’lganida “Barselona” 2012-yilda “Chelsi”ga yutqazmay, yakunda YChL chempionligini qo’lga kiritar edi, deb xotirlashadi. Haqiqatdan ham, londonliklar o’shanda kichik farq evaziga katalon klubini yenggan, raqibda bitta goleador bo’lganida, katta ehtimol bilan turnirda finalgacha yetib bormas edi. Shunday ekan, Davidni ushbu o’ringa munosib deb hisoblaymiz.

4-o’rin: Samuel Eto’o
“Barselona”dagi faoliyati: 2004-2009
O’yinlar soni: 199 o'yin
Gollar soni: 130 gol

Ma’lumki, afrikalik futbolchilar odatda tezkor, iqtidorli va salohiyatli bo’lishadi. Samuel ham aynan shunday futbolchilardan biri edi. U hujumlarda tezkorligi, “tiki-taka” uchun haqiqiy mos hujumchi bo’lgan. Uning jamoadoshlari doim Samuelda g’ayritabiiy mahorat, kuchli zarba va hujumni yakunlashda o’zgacha mahorat bor, deya ta’kidlashgan. Haqiqatdan ham, u shunday maqtovlarga loyiq futbolchi. Axir Chempionlar ligasi finalida gol urib, jamoaga chempionlik unvonini olib kelish tasodif emasku, to’g’rimi? Klub safidagi sovrinli yillar, jamoada ajoyib muhit yaratilishida o’z o’rniga ega futbolchini biz ushbu o’ringa munosib ko’rdik.

3-o’rin: Luis Suares
“Barselona”dagi faoliyati: 2014-2020
O’yinlar soni: 283 o'yin
Gollar soni: 198 gol

Kataloniya klubini tark etishi biroz achinarli bo’lgan Suares bu yerdagi 6 mavsumi davomida klubda ajoyib davr o’tkazdi. “Liverpul”ning qizil formasini ko’k-anorrang libosga almashtirgan Luis dastlabki mavsumidayoq o’zining salohiyatini namoyish etib, keyingilarida yaqqol 9-raqam sohibiga aylandi. MSN hujum triosida kuchli rol o’ynovchi markaziy hujumchi noyob goleadorlik qobiliyati, kuchli zarbasi va jamoaviy o’yindagi roli bilan doim ajralib turgan. Afsuski, Bartomeu davridagi inqiroz va klubdagi moliyaviy qiyinchiliklar natijasida “El-pistolero” “Atletiko”ga arzimagan pul evaziga ko’chib o’tadi va “Barselona”dagi faoliyatiga yakun yasaladi. Shunday bo’lsa ham, jamoa muxlislari Suaresning xet-triklari, trebldagi o’rni va to’purarlik xarakterini unutgani yo’q. Urugvaylik forvard doim muxlislar qalbida.

2-o’rin: Ronaldinyo
“Barselona”dagi faoliyati: 2003-2008
O’yinlar soni: 207 o'yin
Gollar soni: 94 gol

Dunyo futboli tarixida xeyterlarga ega bo’lmagan futbolchilar juda kam. Unday futbolchilar xeyterga ega bo’lmaslik uchun yo o’ta iqtidorli va tengsiz bo’lishi kerak, yoki nomi mashhur bo’lmagan oddiy futbolchi bo’lishi lozim. Qahramonimiz Ronaldinyo ana shunday xeyterlarga ega bo’lmagan dunyodagi kam sonli iste’dod sohiblaridan biri. Dunyo futboli muxlislari tomonidan “futbol afsungari” deb tan olingan futbolchi maydondagi betakror harakatlari, tengsiz driblingi va qoyilmaqom gollari bilan doim tribunadagi muxlislarni shokka tushirib kelgan. Uning ushbu gapi ham bejizga aytilmagan: “To’g’ri, men xunuk bo’lishim mumkin. Lekin maydonda amalga oshirayotgan ishlarim haqiqiy go’zallikning o’zginasi!” Ha, Ronaldinyo shu qadar zo’r futbolchi edi. Uning harakatlarini takrorlay oladigan futbolchi yana qayta dunyoga keladimi yoki yo’q, bunisi faqat yaratganga ayon.

1-o’rin: Lionel Messi
“Barselona”dagi faoliyati: 2004-2021
O’yinlar soni: 778 o'yin
Gollar soni: 672 gol

Futbolda taktika asosiy planga chiqqanda, jamoalar avvalgiga nisbatan yaxshiroq himoyalanganda, individuallik tobora kamayib borayotganda, bir yigit maydonga tushib ana shu tushunchalarni yo‘qqa chiqaradi. Unga qarshi personal futbolchi bilan o‘ynaysizmi, butun himoyani yo‘naltirasizmi, hatto alohida taktika bilan chiqsangiz ham kamdan-kam holatda foyda beradi. Boshqalar uchun qiyin ishlarni u fantastik yengillik bilan bajaradi. Eng katta klublardan birida, klubdanda katta nomga aylana olgan, fenomenal talant egasi Lionel Messi! U klub tarixida barchadan ko’proq o’yin o’tkazgan, hammadan ko’proq gol urib, assistlar borasida ham yetakchiga aylangan. Ehtimol, u futbol tarixidagi eng zo’r futbolchidir, bu ancha bahsli mavzu. Lekin u Kataloniya klubida butun bir tarixni yoza olgani bilan o’ta muhim ahamiyat kasb etadi. U kabi futbolchi Ronaldinyo singari qayta uchrash-uchramasligi bizga qorong’u. Eng muhim jihati shundaki, bizning avlod Messining o’yinlarini jonli tarzda ko’rishga, undan zavq olishga muvaffaq bo’la olgan. Shu ta’rifning o’zi Messi siymosini ta’riflash uchun yetarli deb topdik. U bugun 35 yoshga to‘ldi. Tabriklaymiz!

Izohlar: 4
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish
  • Xamza
    52
    Xamza 3 yil avval

    Zoʻr molides. Barselona haqida ham maʼlumotlar bersangiz boʻlar ekan-ku. Raxmat

  • kamoliddinmixliyev01@gmail.com
    -12
    Kamoliddinmixliyev01 3 yil avval

    Davron Dayziyev maqolasimi bu

  • Dilmurod
    126
    Dilmurod 3 yil avval

    Super


Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты