Braziliya muxlislari uchun noxush xabar: Neymar guruh bosqichida boshqa maydonga tushmaydi
Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar jahon chempionatining guruh bosqichi qolgan ikki oʻyinini oʻtkazib yuboradi.
Ta’kidlanishicha, Serbiya bilan oʻyinda olgan jarohati sababli Neymar Shveysariyaga qarshi 2-tur oʻyinini oʻtkazib yuboradi. Shuningdek, 3-tur doirasidagi Kamerunga qarshi bahsda ham bosh murabbiy Tite Neymarni maydonga tushirib, tavakkalga qoʻl urmoqchi emas. Qayd etilishicha, 30 yoshli forvard pley-off oʻyinlaridan oldin jarohatidan toʻliq tiklanadi.
Eslatib oʻtamiz, Neymar Serbiyaga qarshi oʻyinning (2:0) 68-daqiqasida serbiyalik himoyachi Nikola Milenkovich bilan toʻqnashuvdan keyin jarohat oldi – uning oʻng oyoq toʻpigʻiga shikast yetgan. Neymar Antoniga almashtirilgach, u zaxira oʻrindigʻida koʻz yoshlarini tiya olmagandi.
Maʼlumot uchun, keyingi ikki oʻyin 28-noyabr va 2-dekabr kuni oʻtkaziladi.
Avvalroq, Neymar Mundial 1-turi doirasida eng ko‘p qo‘pollik ishlatilgan futbolchi bo‘lgani, 2-o‘rindan esa Ispaniya yarim himoyachisi Gavi o‘rin olgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40505 | Инструменты