Futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralashi doirasida BAA – O‘zbekiston o‘yinidan oldin Abu-Dabi shahrida milliy jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze hamda yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Timur Kapadze muhim o‘yindan oldin raqibni o‘rganib chiqqanini, ammo asosiy e’tibor O‘zbekiston milliy jamoasiga qaratilganini ta’kidladi.
«Albatta, raqibni o‘rganib chiqdik. O‘yinga har tomonlama yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘ri, ularda murabbiy yangi tayinlandi. Biroq bugun paydo bo‘lib qolmagan. Ularni o‘rganishga harakat qildik. Asosiysi, o‘z o‘yinimiz haqida o‘ylashimiz va yaxshi o‘yin ko‘rsatishimiz lozim. Albatta, bu bosqichga yetib kelish uchun futbolchilar astoydil mehnat qildi. Bizni ikkita muhim o‘yin kutib turibdi, hammasi o‘z qo‘limizda. Ertaga g‘alaba qozonib, keyingi o‘yinga tayyorlanishimiz kerak. Srechko Katanetsning sog‘lig‘i joyida. Uning yordamchilari bugungi kunda mening shtabimda faoliyat yuritmoqda», dedi murabbiy.
Milliy jamoa yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov o‘zbekistonlik muxlislarni xursand qilishga urinishini ma’lum qildi.
«Sal hayajon bor, chunki hech qachon bunday bosqich va davrda bo‘lmaganmiz. 36 millionlik xalqimiz bizdan ijobiy natijani kutmoqda. Biz xalqimiz uchun katta bayram qilib berishni reja qilganmiz. Biz jahon chempionatiga loyiq ekanimizni ko‘rsatish vaqti keldi. Bizga oson bo‘lmaydi, lekin hech narsa to‘sqinlik qilmaydi, deb o‘ylayman. Hech qanaqa bahona ketmaydi, ertaga xalqimizga bayram qilib berishimiz kerak, ertaga o‘zbeklar kuni bo‘lishi lozim», dedi Masharipov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82806 | Инструменты