Huawei 1
“Oltin to'p” mukofoti haqida eng qiziqarli ma'lumotlar

Kecha, 17-oktabr kuni uzoq kutilgan “Oltin to'p” marosimi bo'lib o'tdi. 2021-22-yilgi mavsum yakunlariga ko'ra tashkil etilgan ushbu marosimda bir qancha futbolchilar taqdirlandi.

“France Football” nashri tomonidan 1956-yildan beri tashkillashtirib kelinayotgan ushbu sovrin bu yil “Real Madrid” safida fantastik mavsum o'tkazgan Karim Benzemaga nasib etdi. Yilning eng yaxshi darvozaboni deb esa uning jamoadoshi Tibo Kurtua topilgan bo'lsa, eng yaxshi yosh o'yinchi “Barsa” a'zosi Gavi bo'ldi.

Biz esa e'tiboringizga “Oltin to'p” mukofoti tarixi, u bilan bog'liq qiziqarli faktlar hamda ajoyib ma'lumotlarni havola etamiz. Demak, boshladik.

1. Ilk “Oltin to'p” egasi

1956-yilda Angliyaning “Blekpul” jamoasi a'zosi Stenli Metyuz ushbu shonli mukofot bilan taqdirlanib, mukofotning tarixdagi ilk egasiga aylangan. O'shanda u afsonaviy Alfredo di Stefano va Ferens Pushkash singari raqobatchilarini ortda qoldirib, mukofotga ega chiqqan edi;

2. “Oltin to'p”ni eng ko'p yutgan futbolchi

“Barselona” safida faoliyatining asosiy qismini o'tkazgan va hozirda PSJda to'p surayotgan “o'zga sayyoralik” Lionel Messi mukofotning eng ko'p karra g'olibi hisoblanadi. U 2009, 2010, 2011, 2012, 2015, 2019 hamda 2021-yillarda “Oltin to'p” mukofoti sohibiga aylangan;

3. Eng yosh “Oltin to'p” sohibi

Braziliyalik fenomen, Jahon chempioni hamda afsona Ronaldo Nazario 1997-yilda, 20 yoshligida ushbu mukofotni qo'lga kiritadi. Faoliyati davomida 2 marta “Oltin to'p”ni (2-si 2002-yilda) yutgan futbolchi o'sha yili Zidan, Bergkamp hamda Roberto Karlos singari futbolchilarni ortda qoldirib, tarixdagi eng yosh g'olibga aylanadi;

4. Vakillari eng ko'p “Oltin to'p”ni yutgan klub

Bu borada muxlislar “El-klasiko” guvohiga aylanishadi. Sababi, “Barselona” va “Real Madrid” vakillari bu borada peshqadam. Ikkala klubning 12 nafardan vakillari bu sovrinni boshi uzra baland ko'targan. Kechagacha bu borada kataloniyaliklar yetakchi edi, biroq Benzemaning g'olib chiqishi muvozanatni tikladi;

5. Eng yoshi katta “Oltin to'p” sohibi

Ushbu reytingda mukofotning ilk sohibi Stenli Metyuzni yana bir bor eslab o'tamiz. Mukofot topshirilishni boshlagan yili u eng qari egasini topgan — 41 yosh. Shundan buyon Metyuzdan qariroq futbolchi “Oltin to'p”ni yutgan emas. Undan keyingi o'rinlarda esa Benzema hamda Lev Yashin bor (34 yosh);

6. Qaysi davlat vakillari eng ko'p “Oltin to'p” yutgan?

Bu borada ham teng ko'rsatkich qayd etgan davlatlar bor. Germaniya, Niderlandiya, Portugaliya hamda Argentina bir xildan — 7 tadan “Oltin to'p” yutgan futbolchiga ega. Lekin, Portugaliya asosan Ronalduning, Argentina esa butunlay Messining mukofotlari evaziga bu reytingda turganini unutmaslik lozim. Niderlandiya esa asosan 2 futbolchisi — Kroyf hamda van Basten tufayli bu reytingdan joy olgan. Turli xil futbolchilari g'oliblikka ega chiqishi bo'yicha esa Germaniya mutlaq yetakchi;

7. “Oltin to'p”ni qo'lga kiritgan yagona darvozabon

1963-yilda SSSR terma jamoasi hamda “Dinamo Moskva” safida to'p surgan Lev Yashin mukofot tarixida uni yutgan yagona darvozabon hisoblanadi. Hanuzgacha tarixdagi eng yaxshi darvozabon deya hisoblanuvchi posbon o'sha mavsum raqobatchilaridan katta farq bilan oldinlab, mukofotga ega chiqqan;

8. Sovrinni eng ko'p ketma-ket yutgan futbolchi

Bu borada ham argentinalik afsona peshqadam. Lionel Messi 2009, 2010, 2011 hamda 2012-yillarda ketma-ket 4 yil bu sovrinni yutib, tarixiy natija o'rnatgan. Bungacha hech bir futbolchi 3 tadan ko'p ketma-ket bu sovringa ega chiqolmagan. Taqqoslash uchun, Messi bilan ko'p solishtiriluvchi Krishtianu Ronaldu ketma-ket 2 martadan ko'p bu sovrinni yuta olmagan.

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 33101 | Инструменты