Parij shahrida o‘tayotgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining erkaklar o‘rtasidagi futbol bahslarida guruh bosqichi uchrashuvlari yakunlandi.
Uchinchi turdan o‘rin olgan Fransiya – Yangi Zelandiya va AQSH – Gvineya olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bir xil 3:0 hisobida yakunlandi.
Buning natijasida “A” guruhida Fransiya olimpiya terma jamoasi 9 ochko jamg‘argan holda guruhda birinchi o‘rinni egallab, chorak finalga chiqdi. AQSH esa 6 ochko bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi va 1/4 final bosqichiga yo‘l oldi. Yangi Zelandiya esa 3 ochko bilan guruhning uchinchi, Gvineya ochkosiz so‘nggi pog‘onada qoldi.
“B” guruhidan o‘rin olgan Argentina – Ukraina bahsida 2:0 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, Iroq kutilmaganda Marokashga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Mazkur natijadan so‘ng Argentina va Marokash 6 ochko bilan navbatdagi bosqichga yo‘l olgan bo‘lsa, Ukraina va Iroq 3 ochko bilan guruhda qolib ketdi.
“C” guruhida O‘zbekiston – Dominikan Respublikasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, Ispaniya – Misrga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa Misr guruhda 7 ochko bilan birinchi bo‘ldi. Ispaniya 6 ochko to‘plab ikkinchi, Dominikan Respublikasi esa 2 ochko bilan uchinchi o‘rindan joy oldi. Ilk marotaba Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi 1 ochko bilan musobaqani yakunladi.
“D” guruhida Yaponiya – Isroil, Paragvay – Mali bahsi bir xil – 1:0 hisobida yakunlandi. Buning natijasija Yaponiya 9, Paragvay 6 ochko bilan chorak finalga yo‘l oldi. Mali va Isroil 1 ochkoga ega bo‘lib, quyi pog‘onalarda qolib ketdi.
Futbol bahslarinig chorak finalida Fransiya – Argentina, Misr – Paragvay, AQSH – Marokash, Yaponiya – Ispaniya o‘zaro kuch sinashadi. Ushbu uchrashuvlar 2 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103011 | Инструменты