Ar-Riyozda O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon Ol Saud bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli munosabatlarning istiqbollari, rejalashtirilayotgan tadbirlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Faysal bin Farhon O‘zbekiston prezidentining 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga buyurgan davlat tashrifi yakunlarini yuqori baholar ekan, uning doirasida erishilgan kelishuvlar ko‘p qirrali O‘zbekiston - Saudiya aloqalari rivojini yangi bosqichga ko‘targanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oliy darajadagi tashrifdan so‘ng ikki davlatning vazirlik va idoralari o‘rtasida o‘zaro tashrif almashuvlari jadal tus olgani Saudiya tomonidan yuqori baholanmoqda.
Vazir Saudiya Arabistoni O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan davom etishidan manfaatdor ekanligini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Faysal bin Farhonning aytishicha, “Podshohlik O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy davlatlardan biri deb biladi, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholaydi. O‘zbekiston rahbariyati eʼlon qilgan 2023-yildagi ustuvor yo‘nalishlar, xususan, samarali davlat boshqaruvi tizimiga o‘tish, O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish va boshqa islohotlar Saudiya Arabistoni Podshohligi manfaatlariga ham mos keladi”.
U, shuningdek, Saudiya Arabistoni O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdagi mavjud ulkan salohiyatdan yana-da samarali foydalanish hamda tomonlar uchun manfaatli bo‘lgan barcha sohalarda o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni turli sohalarda mustahkamlash va rivojlantirish yo‘llari ko‘rib chiqildi, mintaqaviy va xalqaro maydondagi o‘zgarishlar hamda bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlar, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 73019 | Инструменты