Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish hamda davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan har kimga o‘z huquqlari va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlandi.
Shu bilan birga, maʼmuriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish, mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish tartib-taomillarini soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini fuqarolardan oldindan undirmasdan, ushbu bojni ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra aybdor tarafdan undirish tartibini nazarda tutuvchi, shuningdek, davlat bojining ko‘rsatilgan stavkasi miqdori pasaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, Qonun fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini taʼminlashga, ularning odil sudlovdan foydalanish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80212 | Инструменты