Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilish avvalida soʻnggi yillarda Fargʻona viloyatida amalga oshirilgan tizimli islohotlarning natijalari tahlil qilindi. Yer va qazilma boyliklari cheklangan boʻlishiga qaramasdan, hududda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar va axborot texnologiyalari sohalarida barqaror oʻsish taʼminlandi.
Jumladan, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017-yilda 7 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib, 26,6 million soʻmga yetdi yoki 3,8 barobar oʻsdi. Bu iqtisodiy faollik va aholi daromadlari sezilarli oshganini koʻrsatadi.
Bandlik va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham ijobiy sur’at qayd etildi. O‘tgan yilda 519 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, ularni daromadlari oshirildi va 53 ming oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. Endilikda 2026 yil yakuniga qadar ishsizlikni 3 foizga, kambag‘allikni esa 2,7 foizga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Investitsiya va tashqi savdo sohasida ham sezilarli oʻsishga erishildi. Viloyatda 26 ta yirik, 357 ta oʻrta va kichik investitsiya loyihalari ishga tushirilib, salkam 3 milliard dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Eksport hajmi izchil oshdi, eksportchi korxonalarning soni kengaydi.
Qishloq xoʻjaligida oʻtgan yili 94,3 ming gektar maydonda 816,7 ming tonna gʻalla yetishtirilib, oʻrtacha hosildorlik 86,6 sentnerni tashkil etdi. Paxtachilikda 72 ming gektarda 324 ming tonna hosil olindi. Meva-sabzavot eksporti 403 million dollarga yetdi. Tomorqachilik va ixcham issiqxonalar orqali minglab xonadonlar barqaror qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻldi.
Yigʻilishda Fargʻona viloyatini rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Qayd etilganidek, viloyatda investitsiya va eksport hajmlarini izchil oshirish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga tizimli hamda manzilli yondashish talab etiladi. Shu maqsadda Fargʻona viloyati uchun umumiy qiymati 8,2 milliard dollar boʻlgan yangi yirik loyihalar paketi shakllantirilgan.
Joriy yilning oʻzida umumiy qiymati 4,2 milliard dollar boʻlgan loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning 2,7 milliard dollari sanoat, 210 million dollari qishloq xoʻjaligi, 1,2 milliard dollari servis va turizm sohalariga toʻgʻri keladi.
Shu bilan birga, oʻtgan yillarda sanoat maqsadlari uchun ajratilgan 2 ming 115 gektar yer maydonining 40 foizi haligacha auksionga chiqarilmagani qayd etildi. Qoʻshimcha yer ajratishdan oldin mavjud boʻsh yerlar infratuzilmasini yaxshilash va ularni tadbirkorlarga taklif etish orqali investitsiya loyihalarini joylashtirish samaradorligini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha aniq maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi. Joriy yilda jami 595 ming nafar, shundan 98 ming doimiy ish oʻrni yaratish, 423 ming aholini daromadli qilish hamda 74 ming ish oʻrnini “soya”dan chiqarish rejalashtirilgan.
Buvayda, Uchkoʻprik, Quva, Oʻzbekiston, Yozyovon tumanlari hamda Margʻilon, Fargʻona, Qoʻqon va Quvasoy shaharlarini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qoʻyildi. Shu maqsadda 7 ta tuman va 132 ta “ogʻir” mahallada infratuzilmani yaxshilash orqali ishsizlik va kambagʻallikni ikki karra qisqartirish uchun 800 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratiladi. Shuningdek, banklar tomonidan “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 1,4 trillion soʻmlik kredit resurslari yoʻnaltiriladi.
Qishloq xoʻjaligida meva-sabzavot mahsulotlarini xom holda emas, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulot sifatida sotish orqali eksport hajmini 510 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi. Shu bois, Fargʻona va Quvasoy shaharlarida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 175 million dollar boʻlgan agrologistika markazlari barpo etiladi.
Oʻzbekiston, Beshariq va Oltiariq tumanlarida chorvachilik, sutni qayta ishlash va naslli joʻja yetishtirish yoʻnalishlarida umumiy qiymati 21 million dollar boʻlgan 4 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Ijtimoiy infratuzilmani aholining oʻsishiga mos ravishda rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi. Joriy yilda 33 ta maktab qurilishi va rekonstruksiyasi uchun 343 milliard soʻm ajratilmoqda. Hudud rahbarlariga qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish va xususiy sektorni jalb qilish orqali infratuzilmani yaxshilash vazifasi qoʻyildi.
Turizm salohiyatini kengaytirish maqsadida Soʻx tumanida Ugam va Miraki tajribasi asosida turizm majmualari tashkil etiladi, Fargʻona tumanida yirik turistik-rekreatsion zona barpo qilinadi. Qoʻqon shahrida yangi turizm maskanlari barpo etilib, madaniy meros obyektlari boʻylab sayohat marshrutlari yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, Qoʻqon shahrida 17 ta davlat idorasini “Yangi Oʻzbekiston” massiviga koʻchirish orqali aholiga barcha davlat xizmatlarini bir joyda koʻrsatadigan qulay va samarali tizimni shakllantirish vazifasi belgilandi.
Axborot texnologiyalari sohasida Fargʻona viloyati iqtisodiyotining muhim drayveri sifatida IT yoʻnalishini jadal rivojlantirish rejalashtirilgan.
Hozirda viloyatda 139 ta IT-park rezidenti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda axborot texnologiyalari xizmatlarining hajmini 3,5 trillion soʻmga, eksportni esa 30 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Fargʻona shahrida yangi IT-park va majmuasi, Margʻilon shahrida xalqaro IT oliygohi, shuningdek, Fargʻona shahrida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari yigʻilish yakunida har bir loyihani aholi bandligi va turmush darajasini oshirish bilan uzviy bogʻlab amalga oshirish, belgilangan vazifalar ijrosi uchun mutasaddilarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20420 | Инструменты