Hamid Nayrobodiy: Ikki mamlakat fuqarolari uchun vizalarni bekor qilish eng to'g'ri yo'l deb o'ylayman

Eron Islom Respublikasining O'zbekiston Respublikasiga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayrobodiy 16 oktyabr kuni «Ko'ksaroy» qarorgohida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ishoch yorlig'ini topshirdi.

So'nggi yillarda O'zbekiston va Eron o'rtasida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy-ma'rifiy  sohalarda hamkorlik izchil rivoj topmoqda. Yangi tayinlangan elchi bu boradagi sa'y-harakatlarni yanada faollashtirish tarafdori. Eron diplomatik missiyasi rahbari Hamid Nayrobodiydan eksklyuziv intervyu olindi.

- Eron va O'zbekistonning buyuk tarixi, madaniyati va tamadduni barchaga ma'lum, bu barchamizga faxr-iftixor bag'ishlaydi. Tarixiy, madaniy va adabiy mushtaraklik ikki mamlakat sivilizatsiyalarini bir-biriga shunchalik qorishtirib yuborganki, uni yagona bir madaniyat va qadriyat deb bilish mumkin, menimcha.

Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Nasaf (Qarshi), Farg'ona va Toshkent shaharlari Eron xalqi va madaniyati uchun qanchalik yaqin va aziz bo'lsa, Mashhad, Sabzavor, Isfahon, Ray, Tehron, Tabriz, Sheroz, Nishopur va Kermon kabi ko'plab shaharlarimiz har bir o'zbekistonlik uchun shunchalik tanish va qadrlidir. Samarqand, Buxoro va Xorazmdagi tarixiy obidalar va yodgorliklarni ko'rgan har bir kishining ko'z oldida Isfahon, Sheroz, Tabriz va Mashhad shaharlaridagi me'morchilik namunalari gavdalanadi.
Bundan tashqari, insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib hissa qo'shgan ko'plab shoirlar va yozuvchilar, olimlar va so'fiylar, matematiklar va munajjimlar xuddi mana shu shaharlarda dunyoga kelib, kamolga yetgan. Ularning nomlari abadul-abad o'zbek va eron xalqlarining mustahkam do'stligi va birdamligining ramzi bo'lib qoladi.

— O'zbekiston Prezidentiga ishonch yorlig'ini topshirish marosimida e'tibor qaratilgan o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini hayotga tadbiq etish maqsadida qanday sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqchisiz?

- O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyati mavjud ekanligiga to'xtalib, savdo, sanoat, qishloq xo'jaligi va transport sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlarini bunga misol sifatida eslatib o'tdilar.
Quvonarlisi shundaki, so'nggi yillarda o'zaro savdo aloqalarining yuqori sur'atlardagi rivojlanishi kuzatilmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli oxirgi bir necha oy davomida ushbu sohada vujudga kelgan ayrim muammolar tez orada o'z yechimini topadi, deb umid qilaman.

Ikki mamlakat o'rtasidagi tovarlar eksporti va importi hajmini oshirish uchun imkoniyat yaratadigan Savdo imtiyozlari to'g'risidagi bitim loyihasini tayyorlash bo'yicha ishlarni nihoyasiga yetkazish savdo aloqalarini rivojlantirish yo'lida amalga oshirilishi ko'zda tutilgan chora-tadbirlardan biri hisoblanadi. O'tgan yili ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida bo'lib o'tgan biznes-forum doirasida amalga oshirilgan samarali muzokaralarda qator shartnomalar imzolandi. Biz muayyan kelishuvlar bilan nihoyasiga yetadigan bunday uchrashuvlarning tez-tez o'tkazilib turishi tarafdorimiz.

Shunga ko'ra, elchixonamiz ikki mamlakatning turli sohalarda faoliyat ko'rsatuvchi tadbirkorlari o'rtasidagi aloqalarni osonlashtirish yo'lida sa'y-harakatlar izlayapmiz. Bizning bu boradagi qarorimiz qat'iy. Ikki mamlakat viloyatlari va erkin iqtisodiy zonalari o'rtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatini ishga solish, shuningdek, mamlakatlararo savdo-iqtisodiy hamkorlikning zaruriy huquqiy asoslarini takomillashtirishdan iborat. Shuningdek, o'zaro savdo aloqalari uchun qulay sharoitlar yaratish hamda savdo hajmini oshirish yo'lidagi ustuvor vazifalarimiz va rejalarimiz ham bor.

Bundan tashqari, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish ham o'zaro savdo hajmining oshishiga yordam beradi. Ta'kidlash joizki, bundan bir necha oy avval Tehron va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi. Albatta, koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan vaqtinchalik to'xtab qolgan mazkur muntazam aviaqatnovlar hozirda charter aviaqatnovlar ko'rinishida amalga oshirilmoqda. Biz koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan ushbu qiyinchiliklar tez orada tugab, mamlakatlarimiz o'rtasidagi muntazam aviaqatnovlar qaytadan boshlanishiga umid qilamiz. Eron tomoni mazkur aviaqatnovlar sonini ko'paytirishga tayyorligini tasdiqlaydi.

Eron O'zbekistonning ochiq dengizga chiqishi uchun eng qisqa va eng qulay yo'l hisoblanadi. Yaqin kelajakda yangi temir yo'l tarmoqlarining qurilishi natijasida mamlakatingizning Eron portlariga va shu orqali ochiq dengizga chiqish imkoniyatlarida yanada kengayadi. Ikki davlat rahbarlari bu masalaga katta e'tibor berishmoqda. Transport yo'laklarini faollashtirish, jumladan, Ashxobod bitimini amalga oshirish, O'zbekistonning Afg'oniston hududi orqali Eron janubiy portlariga chiqishini ta'minlash hamda O'zbekiston tovarlarini eksport qilish uchun Eronning shimoliy portlari imkoniyatlaridan foydalanish kun tartibida turgan asosiy masalalardan hisoblanadi.

Eron texnik-muhandislik xizmatlari ko'rsatish sohasida katta tajribaga ega. Hozirgi kunda Eron kompaniyalari bu yo'nalishda ham keng miqyosda faoliyat ko'rsatmoqda. Ular O'zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilishda faol ishtirok etishga harakat qilmoqda.
Mamlakatimiz O'zbekistondagi iqtisodiy va sanoat loyihalari, jumladan neft va gazni qayta ishlash korxonalari, gidroelektr stansiyalari va yo'llar qurishda, neftkimyo va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor.

Bundan tashqari biz turli davlatlarda mamlakatimiz ehtiyojlari uchun qishloq xo'jalik mahsulotlari yetishtirish bilan shug'ullanamiz. O'zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz. Eron, shuningdek, suv jonivorlari yetishtirish (akvakultura), parrandachilik, issiqxonalar qurish va issiqxona mahsulotlari yetishtirish sohalarida ham katta salohiyatga ega. Bular esa ikki mamlakat o'rtasida qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlik uchun judayam yaxshi yo'nalishlardan hisoblanadi. Hozirgi kunda eronlik fermerlar O'zbekistonda ijaraga olingan yerlarda turli qishloq xo'jaligi va bog'dorchilik mahsulotlari yetishtirish sohasida samarali faoliyat ko'rsatmoqda.

Eron va O'zbekiston davlatlarimiz va  mintaqa barqarorligini ta'minlash maqsadida xavfsizlik sohasida muloqot o'rnatilgan. Bundan tashqari davlatlarimiz  o'rtasida qo'shni Afg'onistonda tinchlik va barqarorlik o'rnatish sohasida ham faol va konstruktiv hamkorlik mavjud. Biz mintaqaviy masalalarni o'zaro maslahatlashuvlar orqali hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasida mintaqa davlatlari ishtirokida o'zaro tenglik asosida muhokama qilish tarafdorimiz.

- O'zbekiston va Eron o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Mamlakatimizdagi faoliyatingiz davomida ushbu salohiyatdan to'laqonli foydalanish borasidagi rejalaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

- Albatta, bu borada ikki davlatda ham yuqori salohiyat mavjud. Boj to'lovlarini kamaytirish va bojxona to'siqlarini olib tashlash tomon harakat qilish kerak. Shuningdek, transport loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish, ikki mamlakat o'rtasidagi aviaqatnovlar sonini ko'paytirish savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.

Turizm sohasi esa alohida mavzu. Eron va O'zbekiston turizm bo'yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatorida turadi. Yuqorida ta'kidlaganimdek, mamlakatlarimiz qadimiy sivilizatsiyaning beshigidir. Tarixiy va nodir merosimiz sayyohlarni muntazam jalb etish uchun qulay imkoniyat taqdim etgan.
Bu borada ikki mamlakat fuqarolari uchun vizalarni bekor qilish eng to'g'ri yo'l deb o'ylayman. Men shuni tarafdoriman. Bundan tashqari turli biznes-tadbirlar, jumladan videokonferensiya shaklidagi muloqotlar tashkillashtirish orqali tadbirkorlarni yanada yaqinlashtirishimiz mumkin. Texnik-muhandislik xizmatlari, tibbiyot va yangi texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning har tomonlama rivojlanishiga yordam beradi. Men o'z missiyam davomida ana shu rejalarni hayotga to'liq tadbiq eta olsam, bundan xursand bo'lardim. Bu yo'lda yeng shimarib ishga kirishganmiz.

- Eronga eksport hajmini oshirish, yangi bozorlarni topishda o'zbek tadbirkorlariga qanday maslahatlar bergan bo'lardingiz?

- Sakson million nafar aholi istiqomat qiladigan Eronning ulkan bozori jahonning barcha davlatlari tadbirkorlari e'tibori va qiziqishini o'ziga tortadi. Ikki davlat hukumatlari tomonidan boj stavkalarini kamaytirish, bojxona to'siqlarini olib tashlash va transport-kommunikatsiya sohasidagi aloqalarni kengaytirish o'zaro munosabatlar rivojiga xizmat qiluvchi muhim omillar hisoblanadi.
O'zbekistonda yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, eronlik tadbirkorlar bilan aloqalarning kengayishi o'zbek tadbirkorlariga bu sohada yordam beradi, deb o'ylayman. Shuningdek, Eronda ishlab chiqariladigan va jahon bozorida raqobatbardosh bo'lgan neft va neft mahsulotlari, o'xshashi yo'q sitrus mevalar, asbob-uskunalar, oraliq tovarlar va boshqa mahsulotlar import tovarlari sifatida o'zbekistonlik tadbirkorlarning diqqatini o'ziga tortib kelmoqda.

Qayd etish kerakki, Eron Islom Respublikasining eksport-import operatsiyalari hamda muayyan import mahsulotlarga bo'lgan ehtiyoji to'g'risida ma'lumot beruvchi resurslar mavjud. Bu borada to'liq ma'lumotlarni ana shu resurslarga murojaat qilish orqali olish mumkin.

- Mamlakatlarimizni uzoq tarixiy rishtalar bog'lab turadi. Madaniy-ma'rifiy sohadagi hamkorlik istiqbollari haqidagi fikrlaringizni bilishni istardik...

- Eron va O'zbekiston xalqlari minglab yillar davomida mintaqada tinch-totuv yashab kelgan. Do'stlik va birodarlik rishtalarimiz bugun o'zaro ishonch asosida qurilgan. Bizning tariximiz bir-biridan ayro emas. Shubhasiz, kelajagimiz ham bir-birimizga chambarchas bog'liq. Mamlakatlarimizdagi tinchlik va taraqqiyot manfaatlarimizga xizmat qiladi.

Eron xalqining O'zbekiston va uning tarixiy shaharlariga bo'lgan qiziqishi juda yuqori. O'zaro munosabatlar uchun imkoniyatlar kengaytirilgan va viza protseduralari yengillashtirilgan taqdirda mamlakatlarimiz o'rtasida turizmning misli ko'rilmagan darajada rivojlanishining guvohi bo'lamiz.
Har yili millionlab eronliklar turistik maqsadlarda jahonning turli mamlkatlariga safar qiladi. Shunga ko'ra, O'zbekiston ham eronlik sayyohlar uchun  muhim turistik maskanlardan biriga aylanishi mumkin. Bu borada yanada yaqinroq ishlashimiz kerak. Tur operatorlarning hamkorligiga sharoit yaratib bersak maqsadga muvofiq. Aytishim mumkinki, Eron tomoni o'zbekistonlik sayyohlarni kutib olishga shay. Mamlakatimizning  qadimiy shaharlari va o'xshashi yo'q tabiati o'zbekistonliklarga manzur bo'ladi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari yordamida boshqa xalqlar madaniyati, urf-odatlari va madaniy va ma'rifiy, badiiy-adabiy hayoti to'g'risida keng ma'lumotlarni soniyalar ichida olish mumkin. O'z navbatida Eron ommaviy axborot vositalarida O'zbekistonning barcha jabhalari haqida materiallar berib borilmoqda.

Shuningdek, o'zbek mumtoz adabiyoti va zamonaviy adabiy muhiti eronliklar uchun juda qiziqarli. Bu borada elchixona o'zbek yozuvchilari qalamiga mansub mashhur asarlarni fors tiliga tarjima qilish loyihalari ustida ishlamoqda. O'ylaymanki, mazkur tarjimalar eronlik adabiyot ixlosmandlarini o'zbek adabiyoti bilan yaqinroq tanitishga xizmat qiladi.

Biz bir-birimiz to'g'rimizda qanchalik ko'p ma'lumotga ega bo'lsak, xalqlarimizning o'xshash va yaqin jihatlarini shunchalik chuqur anglab yetamiz. Ikki mamlakat fuqarolari, shoir va yozuvchilarimizning o'zaro bordi-keldilari, madaniy almashinuvlari ma'rifiy sohadagi aloqalarimiz uyg'unligiga xizmat qiladi. Bu esa uzoq o'tmishda bo'lgani kabi jahon madaniyati va sivilizatsiyasiga buyuk allomalarni tuhfa etadi, deb umid qilaman.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40509 | Инструменты