O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Qaror bilan ichki ishlar organlari faoliyatida zamonaviy raqamli yechimlarni keng joriy etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda sohada yagona texnologik yondashuvni shakllantirish belgilandi.
Ichki ishlar organlarining axborot infratuzilmasini yagona tizimga birlashtirish, kriminogen vaziyatlar tahlilini avtomatlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ichki ishlar organlari tarkibida Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, ularning zimmasiga raqamli yechimlarni joriy etish va muvofiqlashtirish, elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash kabi vazifalar yuklatildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sinov tariqasida tumanlararo raqamli texnologiyalar bo‘linmalari faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
Transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzurida "Raqamli loyihalar ofisi" tashkil etiladi va unga Raqamli texnologiyalar vazirligining malakali mutaxassislari jalb etiladi.
Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida iqtidorli yoshlar, IT-park rezidentlari bilan hamkorlikda innovatsion dasturiy mahsulotlar va startap loyihalari ishlab chiqish yo‘lga qo‘yiladi.
Eng muhimi, qarorda aholiga elektron davlat xizmatlarini proaktiv va kompozit shaklda taqdim etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha bir qator topshiriqlar belgilandi.
Qarorda ko‘rsatilgan vazifalarning amalga oshirilishi ichki ishlar organlarining samaradorligini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashda zamonaviy yechimlardan foydalanish, fuqarolarga davlat xizmatlarini qulay va tezkor ko‘rsatish hamda axborot xavfsizligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50609 | Инструменты