Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrdi.
Mamlakatimizda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy va shinam turar joylar barpo etish ishlari izchil kengaymoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 12-oktabrdagi farmoniga muvofiq, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarining qurilishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan shunday loyihalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida qad rostlamoqda.
Choʻl hududini oʻzlashtirish hisobiga bunyod etilayotgan massivning 50 gektarida 116 ta koʻp qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha poliklinika, 180 oʻrinli bogʻcha, 330 oʻrinli maktab va mahalla binosi foydalanishga topshirilib, 68 ta uydagi 1,5 mingta xonadonga aholi koʻchib kirdi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari va ingliz tili oʻquv markazi ish boshlagan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyekti qurilgan. Ichimlik suvi, issiqlik tarmoqlari, 3 kilometrga yaqin gaz quvuri tortilib, 250 kilovattli transformator oʻrnatilgan. 4,5 gektar yerga manzarali va mevali daraxtlar, dasht hududidagi 300 gektar maydonga esa saksovul oʻsimliklari ekilgan.
Kelgusida bu yerda yana 50 ga yaqin uy qurilishi koʻzda tutilgan. Xususan, joriy yilda yana 14 ta (280 xonadonli) koʻp qavatli uy-joy, yangi yoʻllar, koʻkalamzorlashtirish ishlari hamda istirohat bogʻi barpo etilishi rejalashtirilgan.
Tashrif chogʻida Prezidentimiz massiv hududida faoliyat yuritayotgan “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasining ishi bilan tanishdi. Kompaniya tumandagi 161 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi, shundan 54 tasi mazkur massivda joylashgan. Hududdagi koʻp qavatli uylar tomiga 5-15 kilovattli quyosh panellari oʻrnatilgan.
Inklyuziv taʼlim har bir bolaning jismoniy yoki aqliy holatidan qatʼi nazar, maktabga borishi va sifatli taʼlim olishini taʼminlashni nazarda tutadi.
Davlatimiz rahbari massivdagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, nogironligi boʻlgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Maktabda bugun 500 dan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Nogironligi bor bolalarni zamonaviy standartlar asosida oʻqitish uchun alohida yondashuvlar joriy etilgan, 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Maktab hovlisi, yoʻlaklar, oʻquv xonalari, ovqatlanish, muolaja xonasi hamda sport zali zarur sharoitlar bilan taʼminlangan.
Davlatimiz rahbari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish bilan bogʻliq yoʻnalishlarning yoshlar hayoti va kelajagi uchun naqadar muhimligiga eʼtibor qaratdi.
– Sunʼiy intellektga oʻqitish dasturlarini bejiz maktablar taʼlimiga joriy etmayapmiz, oʻquvchilar oliy taʼlim muassasalari, mehnat bozoriga kelajak kasblari uchun tayyor boʻlib borishlarini istaymiz, – dedi Prezident.
Shundan soʻng Prezidentimiz massivdagi xorijiy tillar va axborot texnologiyalari oʻquv markazini koʻzdan kechirdi.
6,5 milliard soʻm hisobiga barpo etilgan 400 oʻrinli majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshga taʼlim olish va loyihalar ustida ishlash imkonini beradi. Bu yerda 200 nafarga yaqin oʻquvchi kompyuter savodxonligi va “front-end” yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin oʻquvchi IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Markazda 20 ga yaqin mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari yoshlarni ilmga yoʻnaltirish, jumladan, xorijiy tillarni oʻrgatishga qaratilgan bunday majmualar ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.
– Bugun bunday markazlarning kelajak intilishlarini qoʻllab-quvvatlashimiz, kerak boʻlsa, ularning saʼy-harakatlarini birlashtirib, xorijiy hamkorlar bilan bogʻlashimiz lozim. Shunda ota-onalar farzandlarini ishonch bilan mana shunday markazlarda oʻqitadi, – dedi Prezident.
Koʻklam yaqinlashishi bilan hududlarda bahoriy bayram sayillarini uyushtirish anʼanaga aylangan. Prezidentimiz massivdagi sumalak saylida ishtirok etib, aholi bilan birga shodiyona kayfiyatda boʻldi, bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning samimiy fikrlariga quloq tutdi.
– Bugun jahon hamjamiyati Oʻzbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib, islohotlarning samarasiga guvoh boʻlmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim “taʼlim-taʼlim” deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib oʻrin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali koʻp yangiliklarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22617 | Инструменты